Hozirgi zamonda insonlarning bilimi va malakasi jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini aniqlovchi muhim omildir. Shuning uchun ko‘pchilik mamlakatlarda ta'limni rivojlantirish istiqboli eng asosiy masalalardan biriga aylanmoqda.
O‘zbekistonning bugungi kuni uchun iqtisodiyotning innovatsiyalarga asoslangan rivojlanishini ta'minlash vazifasi turmoqda. Shuning uchun O‘zbekistonda ta'lim tizimidagi islohotlar iqtisodiyotdagi yangi o‘zgarishlar paydo bo‘lishi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston ta'lim tizimida keyingi 20 yilda qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga O‘zbekiston ta'lim tizimida yaqin vaqtda yechimini kutayotgan muammolar mavjud.
Masalan, O‘zbekistonda talabalik yoshidagi aholining oliy ta'lim bilan qamrab olinishi darajasi 9 foiz bo‘lib, bu Markaziy Osiyoda va jahon miqyosida ancha past ko‘rsatgichdir. O‘zbekiston oliy ta'lim tizimi 67 o‘quv yurtidan iborat. Ularda 2015/16 o‘quv yilida jami 253 ming talaba ta'lim olishgan. Rejalashtirishning markazlashgan tizimi oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabuli miqdorini ham, ular ta'lim yo‘nalishlarini ham belgilaydi. Oliy ta'limga davlat g‘aznasidan moliyalashtirish mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining atigi 0,4 foizini tashkil etadi. Bu jahonda eng past ko‘rsatgichlardan biridir.
O‘zbekistonda davlat byudjyetidan har bir talabaga to‘g‘ri keluvchi xarajat Rossiyaga nisbatan 2 marta, Turkiyaga nisban 3 marta, Malayziyaga nisbatan 7 marta kam. 2000 yildan beri oliy ta'limni moliyalashtirishning umumiy miqdorida davlat g‘aznasidan xarajatlar 60 foizdan 35 foizacha kamaydi. Davlat xarajatlari kamayishi bilan oliy o‘quv yurtlari ko‘proq ta'lim uchun to‘lovlar hisobiga moliyalashtirishga o‘tmoqda.
O‘zbekistonda oliy ta'limni xususiy moliyalash darajasi (60 foiz) AQShga nisbatan (57 foiz) va Buyuk Britaniyaga nisbatan (52 foiz) ham yuqori. Aholi daromadlari yuqori bo‘lgan mamlakatlar orasida oliy ta'limni xususiy moliyalashtirish o‘rtacha 29 foizni tashkil etadi. O‘zbekistonda oliy ta'limni xususiy moliyalashtirish hajmining oshishi nafaqat to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan talabalar soni oshishi bilan, balki ta'lim uchun to‘lovlar miqdorining ko‘payishi bilan ham bog‘liq.
O‘zbekiston aholisining daromadlari ham keyingi yillarda oshgani holda, kontrakt to‘lovi miqdori tezroq oshdi. Natijada, mamlakat oliy o‘quv yurtlariga jamiyatning boy qatlamlari oilalari farzandlari kirishi ulushi oshmoqda.
O‘zbekiston oliy ta'limi tizimida xarajatlarning joriy taqsimoti ham oliy ta'lim sifati yuqoriroq bo‘lgan mamlakatlarga mos kelmaydi. Talabalarga beriladigan stipendiyalar ulushi haddan ko‘p (oliy o‘quv yurtlari byudjyetining deyarli 40 foizi). Iqtisodiy hamkorlik va tarraqiyot tashkilotiga kiruvchi mamlakatlarda bu ko‘rsatgich 10 foizni tashkil etadi. Oliy ta'limni moliyalashtirishdagi ushbu kamchiliklar oliy ta'lim muassasalari moddiy texnika bazasining nochor ahvolga tushishiga sabab bo‘ldi.














