Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabovning ta’kidlashicha, sertifikat orqali maksimal ball bilan OTMga kirgan talabalarning qariyb 60 foizi a’lo baholarga o‘qimoqda.

Bu haqda 18-avgust kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida 2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga qabulning yakuniy natijalari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

So‘nggi yillarda sertifikat va imtiyozlar tizimi orqali OTMlarga qabul qilish amaliyoti kengayib borayotgani jamoatchilikda turli savollarni keltirib chiqardi. Xususan, sertifikat yoki imtiyoz asosida qabul qilingan abituriyentlar tufayli testda yuqori natija ko‘rsatgan boshqa abituriyentlarning imkoniyati cheklanyapti degan e’tirozlar yuzaga keldi.

Vazir o‘rinbosari Sardor Rajabov bu tizimning amaliyotdagi natijalari haqida gapirdi.

“Milliy sertifikat tizimi test tizimiga qaraganda murakkabroq. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, qanchalik ko‘p bola milliy sertifikat olib kirgan bo‘lsa, maksimal ball oladimi yoki sertifikatdagi foiz bo‘yicha ball oladimi, qat’iy nazar testda olingan ballga nisbatan qiyinchilik darajasi ikki xil. Shunga alohida urg‘u berishimiz kerak”, - dedi u.

Vazirlik milliy sertifikat asosida maksimal ball olgan va imtiyoz asosida OTMga qabul qilingan talabalarning keyingi o‘zlashtirishini ham tahlil qilgan.

“O‘zi milliy sertifikat bilan maksimal ball olib o‘qishga kirgan bolalar qanday o‘qiyapti degan tahlil o‘tkazdik. Shunda 60 foizga yaqin bola a’lo baholarga o‘qiyotgani aniqlandi. Yaxshi baholarga o‘qiyotgan bolalar soni 40 foizga yaqin. Ya’ni juda kam foizi yaxshi o‘qimayapti va bunga boshqa ob’yektiv-sub’yektiv sabablar bo‘lishi mumkin. Lekin milliy sertifikat bilan kirganlar orasida haydalib ketganlar soni judayam kam.

Keyingi tahlilni ham o‘tkazdik, umuman imtiyoz bilan kirgan talabalarning o‘qish jarayonidagi o‘zlashtirishi, o‘qishdan chetlashtirilishi, kursdan qolishi haqidagi tahlilni o‘tkazdik. Birlamchi ma’lumotlar bo‘yicha aytishim mumkin, imtiyoz bilan kirgan talabalarning ichida eng yuqori natija ko‘rsatayotganlar bu imtiyoz bilan kirgan xotin-qizlar ekan”, - dedi vazir o‘rinbosari.

Vazirlik vakili imtiyoz va sertifikat asosida qabul qilingan talabalarning ta’limdagi natijalarini tahlil qilish davom ettirilishini bildirdi.