O‘zbekiston | 15:19 / 18.08.2022
11146
3 daqiqa o‘qiladi

Blekautning biznesga yetkazgan zarari nega ochiqlanmadi? Sherzod Xo‘jayev izoh berdi

2022 yilning 25 yanvarida butun O‘zbekiston bo‘ylab elektr energiyasi uzilib qolgandi. Oradan 8 oy o‘tgan bo‘lsa-da, blekautning biznesga yetkazgan zarari haqida ma’lumot berilmadi. Kun.uz savoliga javoban energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev buning sabablari haqida gapirdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi axborot xizmati

18 avgust kuni prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvi doirasida “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi”ning ikkinchi kuni bo‘lib o‘tdi. Unda energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev ham ishtirok etdi.

Kun.uz muxbirining 8 oy ilgari yuz bergan blekautning biznesga yetkazgan zarari nima sababdan ochiqlanmaganiga oid savoliga javoban, Xo‘jayev bu hisoblash metodikasi yo‘qligi bilan izohlanishini ma’lum qildi.

“Bizda blekautning biznesga yetkazgan zararini hisoblash metodikasi yo‘q, shuning uchun yangi qoidalarni kuchga kiritishimiz kerak. Unda elektr energiyasidagi uzilishlar natijasida biznes ko‘rgan zararni hisoblash va qoplab berish tartibi ham aks etadi. Tadbirkorlardan takliflar kelib tushsa, shu qoidalarni o‘zgartiramiz”, – dedi vazir o‘rinbosari.

Xo‘jayev panel sessiyasidagi nuqtida ham aynan elektr energiyasidan foydalanish qoidalari to‘g‘risidagi hujjat haqida gapirib, vazirlik tadbirkorlar bilan muloqotlar davomida bu qoidalarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish lozimligini tushunib yetganini aytdi.

“Bir hafta muddatda tadbirkorlardan olingan takliflar evaziga yangi qoidalar shakllantirishga kelishdik. Umuman, mana shu hujjatni qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi.

Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ko‘p bildiriladigan e’tirozlar ogohlantirishsiz elektr ta’minoti uzib qo‘yilganda yetkazilgan zararni kim qoplab berishi yoki zararni qoplash tartibi qandayligiga oid. Mana shu savollarga javob berish uchun elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga o‘zgartirish kiritishimiz kerak. Energetika vazirligi mas’uli sifatida men sizlardan shunday takliflar kutib qolaman”, – dedi u tadbirkorlarga qarata.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 yanvarida Markaziy Osiyoda blekaut ro‘y berdi. Shu jumladan, O‘zbekistonning barcha hududlari bir soatdan bir necha soat va bir necha kungacha toksiz qoldi. Avariya sabablarini aniqlashga doir hukumat komissiyasining xulosasi esa ochiqlanmay kelmoqda.

Mavzuga oid