O‘zbekiston | 12:18 / 11.05.2023
26052
3 daqiqa o‘qiladi

Past Darg‘omda mahalla raislarini o‘z tashabbusiga ovoz yig‘ishga majburlagan mansabdor lavozimdan ozod etildi

Samarqand viloyatida mahalla raislariga «Mening yo‘lim» tashabbusida ovoz berish bo‘yicha noqonuniy topshiriq bergan Past Darg‘om tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i lavozimidan chetlatildi.

Foto: t.me/xushnudbek

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i Tohir Qosimov ishdan olindi. Bu haqda viloyat hokimligidagi manbaga asoslanib UzA xabar bermoqda.

Uning ishdan ketishi mahalla raislariga «Mening yo‘lim»ga ovoz berish bo‘yicha noqonuniy topshiriq bergan bilan bog‘liq.

Samarqand viloyat hokimligida bugun o‘tkazilgan yig‘ilishda Tohir Qosimov ishdan olingani aytilgan. Shuningdek, yig‘ilishda barcha rahbarlar qat’iy ogohlantirilib, prezidentning 2023 yil 10 apreldagi qarori mazmun-mohiyati yana bir bora tushuntirilgan.

Foto: t.me/xushnudbek

Bundan avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Past Darg‘om tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i Tohir Qosimov «Mening yo‘lim»ga ovoz berishda mahalla raislariga bosim o‘tkazgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Tarqalgan skrinshotlarda ko‘rish mumkinki, telegramdagi guruhdagi yozishmalarda mahalla raislari o‘zlarining tashabbusiga emas, Tohir Qosimov tanlagan loyihalarga majburan ovoz yig‘ishi talab etilgan, bu talabni bajarmagan mahalla raislarining «pattasi olinishi» bilan tahdid qilingan.

Shuningdek, 8 may kuni jurnalist Farhod Norbo‘tayev o‘z Telegram-kanalida tuman hokimligi vakillari mahalla raislarini «Mening yo‘lim» tashabbusi bo‘yicha ovozi yig‘ish holati haqida yozgan.

«O‘z yo‘li qolib, MFY raislarini majburiy mehnatga undagan, dag‘dag‘a va po‘pisa bilan boshqa hududga ovoz berishga majburlagan bu vallomatni kim rahbar qilib qo‘ygan?! Otasi tengi odamlarni haqoratlash, xalq saylagan mahalla oqsoqoliga «adashib kelib qolgan»ga chiqarib, «eshik qayerdaligini ko‘rsatib yuborish»dan ham tap tortmaslik demokratik tizim tamoyillarining qaysi mezoniga to‘g‘ri keladi?» - deya savollar qo‘ygan u.

Hozircha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi holat yuzasidan ma’lumot bermadi.

Ma’lumot uchun, 2023 yil 10 apreldagi Prezident qaroriga binoan «Tashabbusli budjet» doirasida biror loyihaga ovoz berishga majburlash majburiy mehnat sifatida baholanadigan bo‘lgandi.

Mavzuga oid