O‘zbekiston | 08:50 / 01.06.2021
20223
16 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar orasida xorijga intilish kuchaymoqda. Bu nimani anglatadi?

O‘zbekistonlik yoshlarning yaqin va uzoq xorij mamlakatlariga o‘qish yoki ishlash uchun chiqib ketishi sezilarli oshib bormoqda.

Foto: Pinterest

O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning birinchi yarmida Rossiyaga 181 500 nafar xorijlik o‘qish uchun borgan bo‘lsa, shundan 24 ming nafari – o‘zbekistonliklardir.

Tojikiston tomonidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda respublikada o‘zbekistonlik talabalar soni 3 mingga yetgan. Bu ko‘rsatkich, qo‘shni Qirg‘izistonda 30 ming, Qozog‘istonda 26,5 ming, Janubiy Koreyada 10 ming, Xitoyda 5 ming, Germaniyada 2 ming, Latviyada – 1,5 ming, Turkiyada – 3,5, Belarusda – 2 ming, Ukrainada 4 ming, Yaponiyada 750 va Misr Arab Respublikasida 550 nafardan ortiqroqni tashkil qiladi.

Qolgan xorijiy davlatlardagi yoshlar ham umumlashtirilganda, hozir o‘zbekistonlik 112 850 nafardan ortiq yoshlar xorijda o‘qiyapti (raqamlar bundan yuqoriroq bo‘lishi mumkin – O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi).

Mamlakat yoshlarining xorijga intilishi

Tabiiy savollar tug‘iladi: yoshlar orasida maktabni tugatgach ko‘p o‘tmay xorijga intilish istagi paydo bo‘lishi zamirida nimalar yotibdi? Umuman, yoshlarning xorijga intilishi ijobiy holatmi yoki salbiy? Agar salbiy bo‘lsa, hukumat bu borada nimalar qilishi kerak? Shuningdek, bu holat o‘zbek ta'limi va mehnat sharoitlari borasida nimalarni bildiradi?

Kun.uz muxbiri qator mutaxassislar bilan suhbatlashib, shu kabi savollarga javob izladi.

«Asosiysi – salohiyatli kadrlarni ushlab qolish» — Kamoliddin Rabbimov

Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning fikricha, O‘zbekiston yoshlarining chetga ketish istagi zamirida bir qancha tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy omillar bor.

«Yoshlar – qiziquvchan demografik qatlam, ular dunyoni ko‘rishni, o‘qish va tajriba to‘plashni istashadi. O‘rta yoshdan o‘tganda, insonlarda ma'lum yopiqlik, konservatizm shakllanib boshlaydi. Lekin, ungacha, ayniqsa, yoshlarda tashqi dunyoga intilish – bu faqat iqtisodiy omillar bilan bog‘liq bo‘lmagan holat.

O‘zbekistonda, yoshlarning tashqi dunyoga intilishi zamirida, nazarimda, uch yirik omil mavjud.

Birinchi omil – ijtimoiy-iqtisodiy zarurat yoki qiyinchiliklar. Possovet davlatlari orasida, bir odam boshiga to‘g‘ri keladigan yillik yoki oylik yalpi ichki mahsulot ulushiga ko‘ra, O‘zbekiston ancha orqada. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, yillik YaIM aholi jon boshiga 1700 dollardan to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistondagi dollar valutasini sotib olish qobiliyati nisbatan yuqoriligi, yoki fasliy va mahalliy mahsulotlarning arzonligi inobatga olinganda ham, bu miqdor – ancha past ekani ma'lum. Demak, O‘zbekiston yoshlarining xorijga intilishi zamiridagi birinchi omil – shaxsiy va oilaviy ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishga intilish.

Ikkinchi omil – demografik o‘sish sur'atining yuqoriligi. O‘zbekiston, possovet hududidagi eng katta real raqamlarda demografik o‘sish qilayotgan davlat hisoblanadi. Ittifoq qulagan 1991 yilda O‘zbekiston aholisi 19 million 900 ming atrofida deb hisoblangan bo‘lsa, bugunga kelib 35 millionga yaqinlashib qoldi.

O‘zbekistonda, milliy boylik yaratishga nisbatan demografik o‘sish proporsiyasi yuqoriroq bo‘lib qolmoqda. Ya'ni iqtisodiy o‘sish sur'atlaridan ko‘ra, demografik o‘sish holati yuqoriroq.

Uning ustiga, O‘zbekistonda hali ijtimoiy himoya tizimi deyarli mavjud emas. Har bir inson va oila, o‘zi uchun faqat o‘zi harakat qilishi lozim. Natijada, demografik o‘sish sur'ati, ijtimoiy-iqtisodiy zo‘riqishga qo‘shimcha bosim sifatida yuzaga chiqmoqda, yoshlarimizning chetga intilishiga qo‘shimcha omil bo‘lmoqda.

Uchinchi omil – yoshlarga xos tashqi dunyoga talpinish, o‘qish-izlanish, ish o‘rganish – dunyoni ko‘rish. Migratsiya va emigratsiya butun insoniyat tarixi davomida rivojlanishning muhim omili bo‘lgan. Ta'kidlash lozimki, bugungi taraqqiy etgan, boy davlatlardan xorijga ko‘chib ketish ham mavjud.

Masalan, Fransiyadan Kanadaga yoki AQShga ko‘chib ketish, o‘qishga yoki uzoq muddatga yashashga ketish ham oddiy holat. Rivojlangan davlatlar o‘rtasidagi migratsiya va emigratsiya oqimi ham kichik emas. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish, yangiliklar qilish orqali yangi biznes loyihalari yaratishga intilish jiddiy kuchayib boryapti. Yoshlar tushunadiki, kelajakda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish uchun malakali kadr bo‘lish kerak.

Jumladan, RFda mehnat muhojiri bo‘lib ishlab, qaytib kelayotgan yoshlarimiz ham, o‘zlari bilan nafaqat moddiy, balki jiddiy tajribaviy kapital ham olib qaytishadi.

Keyingi yillarda yoshlarimizda xorijga o‘qishga bo‘lgan rag‘bat jiddiy kuchaydi. Bu qisman davlat siyosati, uning tafakkuri o‘zgargani bilan ham bog‘liq. Birinchi ma'muriyat davrida xorijga chiqish o‘ta mashaqqatli, siyosiy jihatdan riskli ish bo‘lgan bo‘lsa, bugun davlatning o‘zi xorijda o‘qish va malaka to‘plashni rag‘batlantirmoqda», – deb hisoblaydi tahlilchi.

Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, dunyo tajribasini kuzatgan holda migratsiya va emigratsiya jarayoniga normal qaralishi kerak va holat doim ham davlatdagi fundamental inqiroz bilan bog‘liq bo‘lavermaydi.

Asosiysi, deydi u, salohiyatli kadrlarni vatanning ichida ushlab turish va bu orqali milliy taraqqiyot uchun kerakli bo‘lgan g‘oyalar, dasturlar va siyosiy kurs ishlab chiqara oladigan shaxslardan unumli foydalana olish.

«Bu vazifa, o‘z o‘rnida, O‘zbekistonda raqobatga asoslangan siyosiy tizim zarurligini ko‘rsatadi. Dunyoda aynan demokratik davlatlar o‘ta katta milliy boylik yaratgani, qudratli siyosiy, iqtisodiy, harbiy va mafkuraviy tizim shakllantirgani zamirida, aynan inson omilidan to‘g‘ri foydalana oladigan tizim mavjudligi turadi.

Inson miyasi – nihoyatda qudratli intellektual organ. Agar uning to‘g‘ri ishlashiga, raqobat orqali o‘z manfaatlarini qondirishga imkoniyat berilsa, davlatdagi va jamiyatdagi barcha muammolarga tizimli javob topish qiyin emasligini ko‘rish mumkin. O‘zbekistonda keyingi yillarda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lmoqda.

Qo‘shimcha qilish muhim bo‘lgan asosiy nuqta – ma'muriy siyosiy islohotlar jadallashishi kerakki, jamiyatning ijtimoiy energiyasi bostirilishi emas, bu energiya parvarishlanishi va taraqqiyot, ishlab chiqarish, sanoatlashtirish, ilm-fan, ekologiya va boshqa barcha sohalar rivoji uchun yo‘naltirilishi kerak», – dedi u.

«Yoshlarning O‘zbekistondan «qochishi»ga sabab – sharoitlar yetishmasligi» — Doniyor Ro‘zmetov

Siyosiy tahlilchi, bloger Doniyor Ro‘zmetov mavzu yuzasidan fikrlarini bildirar ekan, «miyalar qochishi», yoshlarning chet ellarga ketishi bilan bog‘liq muammo dunyodagi barcha davlatlarda, jumladan, rivojlangan kuchli yettilik davlatlarida ham borligini ta'kidladi.

«Shu ma'noda bu holatni fojia, deb ko‘rmaslik va o‘zbek jamiyatining o‘ziga xosligi deb qaramaslik mumkin. Shu sababdan, yoshlarning chetga chiqib ketishlariga kuch bilan yoki sun'iy to‘siqlar bilan kurashish befoyda, besamar va adolatsizlik bo‘ladi. Agar kimdir biror joydan ketishni xohlayotgan bo‘lsa va uning ketishini xohlamasak, ularni ketishga majbur qilayotgan sabablar o‘rganilishi va ularga shu yerda qolish istagini berish kerak.

Odatda «miyalar», ya'ni jamiyatning bilimli, ilg‘or vakillari qochishiga soddalashtirib javob berilsa, ikkita sabab bo‘ladi: yo uning hayoti xavf ostida bo‘ladi, yoki sharoitlar uni qanoatlantirmaydi.

O‘zbekiston sharoitida yoshlarning qochishiga menimcha, ko‘proq ikkinchi sabab, sharoitlar yetishmasligi sababdir. Sabablar orasida moddiy sabablar ham bor bo‘lsa-da, nazdimda asosiysi bu emas.

Bizda shuningdek, qadr va qonunlar, jumladan, mehnat qonunchiligi ustuvorligi hamda kafolatlari yetishmasligi ham hal qiluvchi jihatlardan biri.

Chet ellarda tahsil olib O‘zbekistonga borgach, na davlat, na jamiyat tomonidan qadrlanmagan, aksincha, «ilg‘or va yot fikrlari» uchun kamsitishlarga uchragan, natijada yana chet ellarga ketib qolgan yoshlardan bir nechtasini bilaman. Hatto davlatning o‘zi katta va'dalar berib chaqirgandan keyin ham qadrlanmagan va ma'lum muddatdan keyin hech qanday mehnat shartnomalari normalariga qaramasdan, ko‘chada qoldirilgan yoshlarga ham misollar bor.

Chet ellardagi ko‘plab «miyalar» O‘zbekistonda chet eldagidan kamroq maoshga ishlashga rozilar. Ular faqat qadriga yetishlarini, ularga ishonch bildirilishini, mehnat kafolatlari berilishini, qaysidir gapi yoki qarashlari yoqmay qolsa, ko‘chaning eshigi ko‘rsatilmasligini istaydilar. Tabiiyki, O‘zbekistondan endi qochish orzusidagi «miyalar» ham chet ellardagi vatandoshlari kabi mazkur kafolatlar bor davlatlarga ketishni orzu qiladilar.

Agar hukumat «miyalar» qochmasligini chin dildan istasa, faqat prezident aytgani va statistikalar uchun emas, balki tom ma'noda «miyalar» qadrlanishi, mehnat qonunchiligi kafolatlari «muqaddas» darajaga olib kelinishi va albatta, ular moddiy tomondan rag‘batlantirib turilishi kerak», – ta'kidladi Ro‘zmetov.

«O‘zbekistondagi hozirgi ta'lim sifati bilan jahon mehnat bozorida yuqori talabdagi kadr bo‘lish imkonsiz» — Firuz Allayev

Tadbirkor, Asaxiy.uz loyihasi asoschisi va rahbari Firuz Allayev – bir necha yillar avval vatandan ketib, yana qaytganlardan biri.

U mavzu yuzasidan fikrlarini bildirar ekan, avvalo, odamlar chetga chiqishni birdaniga yaxshi hayot, dollar yoki yevroda katta pul topish, deb tushunmasligini qayd etdi.

«Unutmaslik kerakki, begona yurtga moslashish, til o‘rganish va provardida yaxshi hayotga erishish uchun har qanday joyda qattiq mehnat talab qilinadi. Ya'ni xorij faqat yaxshi hayot, degani emas.

Har qanday rivojlangan davlatda ham yangi odamning oyoqqa turib, hayotini stabillashtirib olishi uchun 4-5 va hatto 10 yil vaqt ketadi. Menimcha, o‘zimizda ham shunday qiynalib ishlagan, o‘qigan odam ma'lum yutuqlarga erishishi mumkin.

Bu yerda inobatga olish kerak bo‘lgan yana bir jihat bor: hozir butun dunyoda yoshlar migratsiyasi ortib boryapti. Yoshlar internet, ijtimoiy tarmoqlar va OAV orqali o‘zi yashaydigan dunyodan boshqa dunyolar borligini ham ko‘ryapti. Tabiiyki, ularda bu yurtlarni ko‘rishga qiziqish uyg‘onyapti.

Shuningdek, yoshlarda turli yurtlarni ko‘rib, o‘zlikni topishga intilish bo‘lishi ham tabiiy.

Bilasizmi, Yevropa ittifoqida ham yoshlar migratsiyasi juda kuchli. U yerda yoshlar hatto Nepal, Bangladesh kabi davlatlarga borib, o‘zligini qidirishga urinadi.

O‘ylashimcha, ijobiy reformalar qilina boshlar ekan, O‘zbekistonga ham xorijiy davlatlardan ko‘chib kelishlar ortaveradi. Bu asosan Pokiston, Eron va yon qo‘shni davlatlardan bo‘lishi mumkin.

Yana bir narsani eslatish joiz, yoshlarning chetga chiqib ketishga intilishi sabab emas, avvalo, natijadir. Chunki chetga ketayotgan yoshlar o‘qish va keyin ishlashni maqsad qiladi. Bu – ichkaridagi ta'lim o‘z vazifasini bajara olmayotganidan dalolat.

O‘zbekistonda aksariyat yoshlar tushunyaptiki, hozir ichkaridagi ta'lim bilan jahon mehnat bozorida yuqori talabdagi kadr bo‘lish imkonsiz. Oliy ta'lim tizimimiz bugungi zamon talabiga umuman javob bermaydi. O‘rta yoki past ma'lumotli ishchilarga esa yuqori haq to‘lanuvchi ish berilmaydi. Yoshlar past ma'lumotdan zerikib ham xorijga ketyapti.

O‘ylashimcha, hukumat bu masalani jiddiy tahlil qilib ko‘rishi kerak. U avvalo, oliy ta'limning sifatini yaxshilashga harakat qilishi kerak. Oliy ta'lim erkin, sifatli va turli g‘oyaviy bosimlardan toza sohaga aylansagina mamlakatda nimadir o‘zgarishlarni kutish mumkin.

Shuningdek, turli grantlar orqali xorijiy davlatlarga imkon qadar sifatli kadrlarni chiqaraverishimiz kerak. Biz chetga qancha ko‘p sifatli kadr chiqarsak, shuncha yaxshi. Chunki ularning bir qismi baribir o‘zimizga qaytadi. Qaytmaganlari mamlakatga pul yuboradi.

Hukumat hozir migratsiyaga to‘siq qo‘yishi emas, aksincha, chetga ketgan kadrlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish orqali, kelajakni ularning tajribasi, bilimi ustiga qurishi kerak», – dedi tadbirkor.

«Jarayonning asosiy faktori – globallashuv» — Alisher Alixon

Birlashgan Arab Amirliklarida dars beruvchi o‘zbekistonlik o‘qituvchi Alisher Alixonning aytishicha, yoshlarning mamlakatni tobora ko‘p tark etayotgani tendensiyasi, avvalo, globallashuv bilan bog‘liq.

«Ikkinchi faktor – mamlakatning iqtisodiy holati. Dunyo xaritasiga qaraylik. Rivojlangan davlatlarning aholisi rivojlanmagan davlatlarga unchalik intilmaydi. Aksincha, rivojlanmagan davlat aholisi rivojlangan davlatga qarab intiladi.

Aynan aql egalarining mamlakatdan ketib qolishida iqtisodiy faktorlar katta rol o‘ynaydi. Ular o‘z darajasiga yarasha yaxshiroq hayot kechirish, yaxshiroq yashashga intiladi.

Uchinchi faktor sifatida inson uchun fuqarolik va insoniy haq-huquqlar ta'minlangan jamiyatda yashash juda muhim.

Kuzatishlarim bo‘yicha, O‘zbekistonda insoniy haq-huquqlar buzilishi, poymol etilishi holatlari hamon ko‘p uchrayapti. Odamlar mana shu holatlardan ham qochishga intiladi.

Albatta, hukumat insoniy huquqlar, qadr-qimmat masalalari himoyasiga ozmi-ko‘pmi intilyapti. Bu juda yaxshi. Aynan insoniy haq-huquqlarni ta'minlash borasidagi ishlar jiddiy qayta ko‘rilishi zarur. Shuningdek, ta'lim sifati tubdan qayta o‘ylanishi zarur.

Reformalarga qo‘l urishdan, ularni amalga oshirishdan qo‘rqmaslik kerak. Unutmaslik kerakki, O‘zbekistonning kelgusidagi drayvi – yoshlar. Ularni esa to‘g‘ri yo‘nalishlarga bura olish juda muhim», – dedi Alisher Alixon.

Yuqorida qayd etilganidek, yoshlarning xorijga chiqib ketayotganini bir tomonlama, faqat muammoli jihat deb bo‘lmaydi. Globallashuv jarayoni kechar, O‘zbekiston dunyoga o‘z eshiklarini ochar ekan, migratsiya va emigratsiya jarayonlarining kuchayishi ham tabiiy.

Ammo, yoshlarning, ayniqsa bilimli va shijoatli yoshlarning mamlakatni tark etayotgani hukumatni o‘z birlamchi vazifalarini qay darajada uddalay olayotgani haqida o‘ylashga undashi zarur.

Sifatli ta'lim, ish o‘rinlari va yaxshi mehnat sharoitlari, aql egalariga munosabat, jamiyatda fikrlar xilma-xilligini ta'minlash ayni shunday jihatlardir.

Ilyos Safarov tayyorladi. 

Mavzuga oid