Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryoda kuchli shamol tomlarni uchirishi oqibatida bir necha kishi jarohatlandi
Kuchli shamol viloyatning bir qator tumanlarida tomlarni uchirgan. Oqibatda, bir necha kishi jarohatlanib, shifoxonalarga murojaat qilgan.
Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar berishicha, bugun, 9 mart kuni soat 09:00 dan 12:00 ga qadar Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Qamashi, Dehqonobod, Yakkabog‘ va Kitob tumanlarida kuchli shamol esishi va yog‘ingarchilik qayd etilgan.
Oqibatda, viloyatning bir nechta tumanlarida gidrometeorologik xavfli jarayonlar yuzaga kelgan. Jumladan:
- Soat 11:03 larda Shahrisabz tumani “Chorshanbi” qo‘rg‘onidagi oziq-ovqat savdo do‘konining tom qoplamasini shamol uchirib yuborgan;
- Soat 11:25 larda Qamashi tumani “A.Navoiy” MFYda joylashgan yelim idishlarni yig‘ish punktining tom qoplamasi kuchli shamolda qulab tushgan. Oqibatida uch nafar fuqaro turli darajada jabrlanib, tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan;
- Soat 11:48 larda kuzatilgan shamol Yakkabog‘ tumani “Uchtepa” MFY, Tosh qishlog‘idagi uyning, “Navro‘z” MFY, Navro‘z qishlog‘idagi ikkita xonadonning qo‘shimcha binolaridagi tom qoplamalarini uchirgan;
- Soat 11:50 larda Kitob tumani Qaynar, Motmon va Qavzixona qishloqlari hududidagi 4 dona elektr liniyasi simyog‘ochi hamda “Tepaboshi” MFY hududida 1 ta yashash uyining tom qismi kuchli shamol natijasida qulab tushgan.
Qayd etilishicha, yuzaga kelgan vaziyatlarni bartaraf etish uchun Qashqadaryo viloyati FVBning tarkibiy tuzilmalari hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat quyi tizimlarining 169 nafar qutqaruvchilari, avariya-tiklash brigadalari shaxsiy tarkibi va 26 ta maxsus texnika jalb etilgan.
Avvalroq Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida yashin urishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, ikki kishi jarohatlangandi.
Mavzuga oid
14:21 / 08.04.2026
Qashqadaryo va Jizzaxning tog‘li hududlarida qor yog‘di
00:00 / 05.04.2026
Qashqadaryoda tabiatga 248 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazildi
09:48 / 23.03.2026
Qashqadaryoda hokim yordamchisi va yetakchi mutaxassis pora bilan ushlandi
12:12 / 20.03.2026