20:23 / 13.09.2021
16674

Yunusobod hokimligidan yana bir qonunsizlik. «Snos» uchun kompensatsiya to‘lanmasdan tadbirkorlarning do‘koni buzilish arafasida

Yunusobodda qonunlar oyoqosti qilinib, tadbirkor va mulkdorlarning huquqlari poymol qilinmoqda. Kompensatsiyasi haqida rasman o‘ylab ham ko‘rilmayotgan «snos» uchun hatto qaror ham yo‘q. Tadbirkorlar o‘z mulkini o‘zlari himoya qilishga majbur bo‘lmoqda.

So‘nggi yillarda «snos» so‘zi O‘zbekiston aholisi o‘rtasida eng ommalashgan so‘zlardan biriga aylandi. Tadbirkorlar-u fuqarolardan qaysidir ma'noda tortib olinayotgan mulk uchun kompensatsiya masalasi hamon muammoligicha qolmoqda.

Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasi ta'mirlanishi doirasida piyodalar yo‘lagi hamda veloyo‘lak tashkil etilishi munosabati bilan shu yo‘l yuzida joylashgan bir nechta obektlar ham buzilish arafasida. Obekt egalari va mahalla ahli esa bundan norozi bo‘lmoqda.

«Ko‘p yillardan beri shu do‘kon orqasidan kun kechiramiz. Shu yilning 27 avgust kuni Yunusobod tuman hokimiyatidan odamlar kelib do‘konimiz buzilishini, bu yerdan yo‘lak o‘tishini aytishdi. Bu haqdagi hokim qarorini so‘raganimizda, hozir buzaverishimizni, qarorni esa keyin ko‘rsatishlarini, kompensatsiya masalasi ham keyinroq hal qilinishini ma'lum qilishdi. O‘sha kuni kechga borib hech bir ogohlantirishsiz do‘kondan elektr hisoblagichni yechib olib ketishdi. Oqibatda do‘kondagi muzqaymoqlar erib ketib, shu kunning o‘zida 6-7 mln atrofida zarar ko‘rdik.

Oradan bir hafta o‘tib hokimiyatdan o‘zini Akmal Qurbonov deb tanishtirgan shaxs qo‘llarida ogohlantirish xati va buldozer bilan do‘konni buzishga keldi. Yonimizdagi do‘kon buzildi, mahalla ahli chiqib qarshilik ko‘rsatganimizdan so‘ng bizning do‘kon buzilmay qoldi. Shahrimiz obod bo‘lishiga qarshi emasmiz, ammo do‘kon uchun kompensatsiya berishlarini talab qilamiz. Chunki bu do‘kon uchun qancha mehnatimiz singgan, bularga ko‘p qiyinchiliklar bilan erishganmiz. Qarz ko‘tarib, ijarada yashab, 40 ming dollarga olganman», deydi do‘kon egasi Ulug‘bek Shukurov.

Ma'lum bo‘lishicha, mahalla ahliga yaqin va qulay joyda joylashgani uchun do‘kon buzilishiga aholi vakillari ham qarshilik ko‘rsatishgan.

Kun.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida shaxsan Yunusobod tuman xokimi Jahongir Ibrohimov bilan bog‘landi. Bu bo‘yicha barcha hujjatlar hamda qaror mavjudligi va mas'ul shaxslar tomonidan tezda yetkazilishi haqida aytildi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay tegishli hokim qarori emas, 11 sentyabr sanasi bilan imzolangan ma'lumotnoma taqdim etildi xolos.

Ma'lumotnomada «snos» bo‘layotgan hududdagi obodonlashtirish ishlari Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 martdagi qaroriga (!) asosan amalga oshirilayotgani aytiladi. Taassufki, qonun hujjatlari milliy bazasi (lex.uz)da aynan shu sanada qabul qilingan hukumat qarorlari ro‘yxatida Toshkent shahrining biror ko‘chasini obodonlashtirishga oid qarorning o‘zi yo‘q.

Shundan so‘ng mahalliy hokimlar qarorlarining reyestri yuritiladigan E-qaror onlayn bazasini ko‘zdan kechirdik. Afsuski, u yerda ham Ahmad Donish ko‘chasidagi obektlar «snos»iga doir qaror topilmadi. Hokim bu qaror E-qaror platformasida bor-yo‘qligi haqidagi so‘rovimizni ham javobsiz qoldirdi.

Mana shuning o‘zi ham tadbirkorlarning do‘konlari xo‘jasizlarcha, qonunlarga zid ravishda buzib tashlanayotganini anglatmoqda.

Ma'lumki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq:

– yer uchastkasini olib qo‘yish tashabbuskori hamda olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektining mulkdori o‘rtasida tuziladigan yerni olib qo‘yish munosabati bilan kompensatsiya berish to‘g‘risidagi kelishuv majburiy tarzda notarial tasdiqlanadi;

– ko‘chmas mulk obektini buzib tashlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishga olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obekti mulkdoriga kelishuvda, nizo mavjud bo‘lgan hollarda esa sud qarorida, belgilangan kompensatsiya to‘liq taqdim etilgandan so‘ng yo‘l qo‘yiladi.

Ushbu vaziyatda hokimiyat va mulkdor o‘rtasida oldindan ochiq muhokama o‘tkazilishi va qaror chiqarilib, e'lon qilinishi shart. Beriladigan kompensatsiya esa do‘konning bozor qiymati, ko‘chirish yoki boshqa joydan vaqtincha foydalanib turish bilan bog‘liq xarajatlar, jismoniy yoki yuridik shaxsning boy berilgan foydasi bilan qo‘shib hisoblanib to‘lab berilishi kerak.

Kompensatsiyasi haqida rasman o‘ylab ham ko‘rilmayotgan «snos» uchun esa hatto qaror ham yo‘q. Tadbirkorlar o‘z mulkini o‘zlari himoya qilishga majbur bo‘lmoqda.

Albatta, shahar yo‘llarini qayta qurish, mukammal ta'mirlash, piyodalar va velosiped yo‘laklarini barpo qilish yaxshi va xayrli ish. Ammo bu fuqarolarning burnini qonatish evaziga bo‘lmasligi kerak. 

Darvoqe, bu Yunusobod tuman hokimligining «snos» uchun mulkdorga tegishli kompensatsiyani qoplab bermayotganiga oid birinchi holat emas

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Gulmira Toshniyozova, Kun.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov

Top