O‘zbekiston | 16:32 / 19.06.2020
3792
2 daqiqa o‘qiladi

Adliya vaziri: «Qonun ustuvorligini ta'minlashdagi asosiy muammo – davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligini oshirish»

Senatning 5-yalpi majlisida axborot bergan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov qonun ustuvorligini ta'minlashdagi asosiy muammoni aytib o‘tdi.

«O‘zbekistonda qonun ustuvorligini ta'minlashdagi asosiy muammo – davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligini oshirishdir.

Davlat organlarida qonunni mensimaslik bilan bog‘liq juda ko‘p holatlar bor, bu fuqarolarda qonunga bo‘lgan ishonchning so‘nishiga olib keladi. Qanchalik harakat qilmaylik, qonunni tushuntirmaylik, fuqarolar hayotida boshqa manzarani ko‘rsa, baribir qonunga nisbatan ishonchi so‘nadi.

Millionlab insonlarga huquqini tushuntirib, ularni o‘rgatgandan ko‘ra, davlat organlari o‘z faoliyatini tartibga solgani afzalroq va osonroq. Davlat organida ishlaydiganlar soni aholiga nisbatan yuzlab baravar kam. Kichikroq kontingentni qonun asosida ishlashga o‘rgatsak, yaxshi samara beradi», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, 2019 yilda adliya organlari tomonidan davlat idoralarida 181ta noqonuniy hujjat to‘xtatib qolingan, 3000ga yaqin hujjat bekor qilingan.

«Bunda faqatgina adliya organlarining statistikasi haqida gap ketyapti. Sud organlari orqali, prokuratura protestlari orqali bekor qilingan qanchadan-qancha hujjatlar bor», deya ta'kidladi Ruslanbek Davletov.

Senat raisi Tanzila Norboyevaning aytishicha, o‘tgan yili sudlar tomonidan ko‘rilgan 3 mingta ishning qariyb yarmi – 1255tasi (42 foizi)da hokimlarning qarorlari noqonuniy deb topilgan.

«Buning oqibatida xalq aziyat chekmoqda. Qancha vaqt, qancha asab sarflanmoqda», deydi Norboyeva.

Mavzuga oid