13:00 / 16.04.2021
13898

Samarqand vokzali ortida zamonaviy turar joylar barpo etiladi – Shavkat Mirziyoyev

Samarqand vokzali ortida zamonaviy turar joylar barpo etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

«Samarqandda uy-joy qurilishi, obodonlashtirish, kommunal va transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash zarur. Joriy yilda viloyatda 915ta qishloq va mahallada 1,8 trillion so‘mlik qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. 

«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida sharoiti og‘ir va aholidan ko‘p shikoyat tushgan 32ta qishloq va mahallada ichimlik suvi va elektr tarmoqlari, ichki yo‘llar, ijtimoiy soha obektlarida 284 milliard so‘mlik ta'mirlash-tiklash ishlari bajarilib, 97 ming aholining turmush sharoiti yaxshilanadi.

Tumanlar markazlari va shaharlarni obodonlashtirishga respublika budjetidan 110 milliard so‘m ajratilib, 90 kilometr yo‘llar, 104 ming kvadrat metr piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etiladi.  

Samarqandda bu yil ipoteka dasturi doirasida 3 ming 450 kvartirali ko‘p qavatli uylar quriladi va 2 ming 200ta oilaga subsidiya beriladi.
 
Samarqand shahar aholisini uy-joy bilan ta'minlash ishlarini davom ettirib, shaharning Qorasuv, Shirin va vokzal orti hududlarida «renovatsiya» tamoyili asosida zamonaviy turar joylar barpo etiladi.

Xususan, joriy yilda Qorasuv massivida 3 ming 500ta xonadonli 29ta 16 va 25 qavatli uylar foydalanishga topshiriladi. 

Vokzal orti hududida 100 mingdan ortiq aholi uchun ko‘p qavatli zamonaviy uylar quriladi. Barcha harakatlarimiz o‘sha hududni obod qilishga qaratiladi.

Shirin massivida 90 ming nafar aholiga mo‘ljallangan shaharchani barpo etish orqali parklar va dam olish maskanlarini qurish ishlari boshlanadi. Jamshid Qo‘chqorov, Temur Ishmetov mazkur uy-joylar qurilishini boshlash uchun viloyat hokimligiga 2 yil muddatga 200 milliard so‘m ssuda mablag‘larini ajratsin», – deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top