Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida Malibu piyodalar oʻtish joyidan oʻtayotgan 8 nafar piyodaga yoʻl bermay, ularni urib ketishiga bir baxya qolgani aks etgan video tarqaldi.

Holat hududdagi kuzatuv kamerasiga tushib qolgan. Unda avtomobillar piyodalarni oʻtkazish uchun toʻxtab turgani, piyodalar yoʻlni belgilangan piyodalar oʻtish joyidan deyarli kesib oʻtib boʻlayotgan vaqtda qora rangli Malibu toʻxtamay oʻtgani koʻrish mumkin. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yoʻq.

Samarqand IIB maʼlumotiga koʻra, voqea 8-sentabr kuni soat 22:20 lar atrofida shaharning Mirzo Ulugʻbek koʻchasida sodir boʻlgan. Yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruvlar natijasida avtomobil va uning haydovchisi topilgan.

Haydovchi voqeaga izoh berib, oʻsha paytda shoshilib kelgani va tormozi ishlamagani sababli birinchi tasmadan uchinchi tasmaga oʻtib ketganini aytgan.

«Xudo bir asradi. Fuqarolardan, oʻsha piyodalardan, YPX xodimlaridan ming bor uzr soʻrayman. Bunaqa holat boshqa takrorlanmaydi. Qilgan ishimga pushaymonman», – deydi haydovchi

Haydovchiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 128−10-moddasi birinchi qismiga (Yoʻl bezoriligi) asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Hozirda u bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Yigʻilgan hujjatlar jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahri sudiga yuborilishi maʼlum qilindi.

Ushbu modda bilan aybdor deb topilganlar transport vositalarini boshqarish huquqidan bir yildan ikki yilgacha muddatga mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari (11 mln soʻm) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.