09:09 / 08.07.2022
4086

Nukusda texnopark tashkil etiladi - prezident qarori

Nukus shahrida joylashgan “Nukus” erkin iqtisodiy zonasi hududidagi 30 gektar bo‘sh yer maydonida “Nukus texnoparki” maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi.

Foto: Toshkent texnoparki

Prezident qarori bilan, maxsus sanoat zonasi 30 yil muddatga tashkil etilmoqda. Texnopark joylashgan hudud “Nukus” erkin iqtisodiy zonasidan chiqariladi.

Texnopark faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilar bo‘ladi:

  • yuqori qiymatga ega, tashqi bozorda xaridorgir va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb qilish;
  • xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, atrof-muhit muhofazasini ta’minlashga qaratilgan va ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish;
  • hududlarning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanish orqali eksport salohiyatini oshirish maqsadida mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish;
  • Texnopark ishtirokchilari o‘rtasida va butun respublika miqyosida mustahkam sanoat kooperatsiyasi aloqalarini o‘rnatish orqali mahalliy xomashyo va materiallar asosida yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish va mahalliylashtirish jarayonlarini jadallashtirish;
  • Texnopark ishtirokchilari uchun yagona ishlab chiqarish infratuzilmasini, shuningdek, sertifikatlash, laboratoriya, kadrlar tayyorlash va boshqa zarur xizmatlarni ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish.

Texnoparkning bosh rejasi uch oy muddatda ishlab chiqilib, tasdiqlanishi zarur. Bosh reja loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha loyiha tashkiloti tender yoki tanlov asosida aniqlanadi.

Iqtisodiy faol, salohiyatli ishlab chiqaruvchi korxonalarni Texnopark hududiga jalb qilishga Toshkent shahar hokimligi mas’ul deb belgilandi.

Ma’lumot uchun, mazkur qarorning loyihasi aprel oyi oxirida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi.

Top