Jamiyat | 17:32 / 09.04.2020
16997
2 daqiqa o‘qiladi

Karantin davrida doimiy manzilida yashamayotgan pensionerlar pensiyasini qanday oladi?

Karantin davrida Xalq banki tomonidan pensiya to‘lovlari pensionerlarning yashash manziliga yetkazilmoqda. Ammo doimiy ro‘yxatdan o‘tgan manzilidan boshqa xonadonda yashayotgan pensionerlar ham bor.

Markaziy bank xabariga ko‘ra, fuqaro pensiyani tarqatish jarayonida yashash manzilida bo‘lmasa va vaqtincha boshqa hududda istiqomat qilayotgan bo‘lsa, mablag‘lar Pensiya jamg‘armasiga qaytariladi va to‘lanmay qolgan ushbu mablag‘lar keyingi oyda qo‘shib to‘lab beriladi.

Agar fuqaro vaqtincha yashayotgan manzilida vaqtincha ro‘yxatda turgan bo‘lsa, shu hududdagi Pensiya jamg‘armasining bo‘limiga murojaat qilishi mumkin.

Shu o‘rinda, pensiya pullarini naqd shaklda olayotgan pensionerlarga Xalq bankining shaxsiy pensiya-overdraft kartalarini ochish va kelgusida pensiya mablag‘larini bank kartalariga o‘tkazish tavsiya etiladi. Bu orqali ular bir qator qulayliklarga ega bo‘ladi:

  • birinchidan, pensioner qayerda bo‘lishidan qat'i nazar, pensiya mablag‘lari oyning dastlabki kunlarida pensiya-overdraft kartasiga tushadi;
  • ikkinchidan, keyingi pensiya to‘lovigacha puli tugab qolgan taqdirda, pensioner oylik pensiyasining 50 foizigacha foizsiz overdraft krediti olishi mumkin;
  • uchinchidan, kartadagi mablag‘larga yillik 8 foiz miqdorida daromad hisoblanishi bilan bir qatorda, ularni Xalq bankining bankomatlari orqali foizsiz naqdlashtirish imkoniyati yaratilgan.

Mavzuga oid