Kun.uz Fiskal tahlillar instituti tomonidan ilgari surilgan pensiya tizimi, ijtimoiy soliq va boshqa iqtisodiy islohotlarga oid takliflar yuzasidan iqtisodchi Otabek Bakirov bilan suhbatlashdi.
Bakirovga koʻra, bugungi kunda pensiyalarni oshirish “qoldiq prinsipi” asosida hal qilinmoqda. Yaʼni, byudjet imkoniyatlari hisoblangachgina pensiyalarni qancha oshirish mumkinligi belgilanadi.
“2026-yilda tariflar oʻrtacha 10 foizga oshirilishi eʼlon qilindi. Pensiyalar esa 7 foizga oshirildi. Raqamlarning oʻzi vaziyatni koʻrsatib turibdi. Agar pensiya tizimining muvozanatini tiklamasak, tariflar yuqori surʼatlarda oʻsishda davom etadi, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni oshirish esa ikkinchi darajali masalaga aylanib qoladi”, - dedi u.
Iqtisodchi bunga misol sifatida Qirgʻizistondagi vaziyatni keltirdi. Uning aytishicha, qoʻshni davlatda 2026-yil 1-oktabrdan pensiyalar 20 foizga indeksatsiya qilinadi. Shu paytgacha Qirgʻizistonda oʻrtacha va minimal pensiyalar Oʻzbekistondagidan past boʻlgan boʻlsa, endilikda bu koʻrsatkich ortda qoldirilishi mumkin.
“Ular pensiya tizimining sugʻurta qismini barqarorlashtirib oldi. Biz esa kerakli qarorlarni vaqtida qabul qilmayapmiz. Agar hozirgi holat davom etsa, pensionerlar sonining ortishi, budjet imkoniyatlari va iqtisodiy oʻsish surʼatlarini hisobga olganda, ikki-uch yil ichida pensiyalarni hatto inflatsiya darajasida ham indeksatsiya qilish qiyinlashishi mumkin”, - deydi Bakirov.
“Pensiya jamgʻarmasi daromadi bilan xarajatlari oʻrtasidagi tafovut 2 milliard dollarga yetgan”
Bakirov pensiya tizimidagi asosiy muammo Pensiya jamgʻarmasi daromadlari va xarajatlari oʻrtasidagi tafovut yil sayin ortib borayotganida ekanini aytdi.
“Pensiya jamgʻarmasi daromadlari bilan xarajatlari orasidagi farq qariyb 2 milliard dollarga yetgan. Bu mablagʻ byudjet transfertlari hisobidan qoplanmoqda. Lekin bunday amaliyotni doimiy davom ettirib boʻlmaydi. Jamgʻarma oʻz daromadlari hisobidan oʻz xarajatlarini qoplay oladigan tizimga aylanishi kerak”, - dedi u.
Uning fikricha, bunga erishishning ikki yoʻli bor: ijtimoiy soliq stavkasini oshirish yoki soliq bazasini kengaytirish. Bakirov ikkinchi yoʻl tanlanganini ijobiy baholadi.















