Özbekistonda töliq iş staji bilan pensiyaga çiqayotganlar uluşi keskin kamaygan. Xususan, 2010-yilda yangi pensionerlarning atigi 6 foizi yetarli iş stajiga ega bölmagan bölsa, 2025-yilga kelib bu körsatkiç 61 foizga yetgan. Bu haqda Pensiya jamğarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qonunçilikka köra, yoşga doir töliq pensiya oliş uçun erkak 60 yoşga tölgan va kamida 25 yil, ayol esa 55 yoşga tölgan va kamida 20 yil iş stajiga ega bölişi kerak. Şuningdek, kamida 7 yil iş staji mavjud bölsa, bor stajga mutanosib miqdorda töliqsiz yoşga doir pensiya beriladi. Agar 7 yillik staj ham bölmasa, fuqaroga yoşga doir nafaqa ajratiladi (erkaklarga 65 yoşda, ayollarga 60 yoşda).

Qayd etilişiça, bugungi kunda har 3 nafar yangi pensionerning 2 nafari töliq iş stajisiz pensiyaga çiqyapti. Umumiy pensionerlar tarkibida bunday fuqarolar uluşi 2010-yildagi 3 foizdan 2025-yilda 39 foizga kötarilgan.

Iş staji töliq bölmagan holda pensiyaga çiqayotganlar uluşining ortişi pensiya tölovlarining ham nisbatan past bölişiga sabab bölyapti. Bugungi kunda pensionerlarning 47 foizi 820 ming sömdan 1 million sömgaça miqdorda pensiya oladi.

Pensiya jamğarmasi mazkur holatga sabab bölayotgan omillar sifatida quyidagilarni sanab ötgan:

  • norasmiy işlaş;

  • iş haqini «konvertda» oliş;

  • ijtimoiy soliq tölanmaslik;

  • mehnat faoliyatini tasdiqlovçi hujjatlarning arxivga topşirilmasligi;

  • ayrim davrlarda fuqarolarning rasmiy iş bilan qamrab olinmagani.