O‘zbekistonda mustaqillik yillarida olib borilgan rejali ishlar natijasida qoramollar soni 2,4 barobarga, qo‘y va echkilar soni 2 karraga, parrandalar soni 1,9 martaga o‘sishiga hamda go‘sht mahsulotlari hajmi 2,8 barobarga, sut 2,7 martaga, tuxum 3,3 barobarga oshdi.

Shu bilan birga, davlat veterinariya xizmati amaldagi tizimining tahlili sohada bir qator muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda, xususan:

davlat veterinariya xizmati sohasida ishlarning umumiy holati mamlakatimizning jadal sur'atlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur'atlaridan va hozirgi zamonning hayvonlar sog‘lig‘i profilaktikasi hamda o‘z vaqtida va sifatli davolashni ta'minlashga qaratilgan zamonaviy talablardan sezilarli darajada ortda qolmoqda;

tarmoqda yagona vertikal boshqaruv tizimi yaratilmagan, uning moddiy-texnika bazasi ma'naviy va jismoniy jihatdan eskirgan;

hayvonlar kasalliklarini profilaktika qilish va davolashga ilmiy ishlanmalar va zamonaviy veterinariya dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, innovatsion usullarni amaliyotga joriy qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmayapti;

sohada kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish borasida ilmiy-tadqiqot va oliy o‘quv yurtlari bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan.

Shu muammolarni tartibga solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni qabul qildi.

Veterinariya sohasida ilmiy-tadqiqotlar hajmi, ko‘lami va sifatini oshirish maqsadida mazkur farmonga muvofiq:

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tasarrufidagi Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti yangi tashkil etiladigan Davlat veterinariya qo‘mitasi tizimiga o‘tkazildi;

Respublika davlat veterinariya laboratoriyasi, Hayvonlarning o‘ta xavfli kasalliklari davlat laboratoriyasi va Parranda kasalliklari bo‘yicha davlat veterinariya laboratoriyasi tugatilib, ularning negizida Respublika hayvonlar kasalliklari diagnostikasi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi markazi tashkil etildi;

Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarning sifatini nazorat qilish davlat laboratoriyasi Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalari sifati va muomalasi nazorati bo‘yicha davlat ilmiy markaziga aylantirildi;