09:00 / 02.07.2018
30684

Shavkat Mirziyoyev: Olmazor ixcham to‘ylar bo‘yicha shaharda namunaviy tuman bo‘ladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Olmazor tumaniga tashrifi chog‘ida o‘zbek xalqining eng og‘riqli muammolaridan biri – dabdabali to‘ylar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. U tuman faollari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida “dabdabali to‘ylar uchun javobgar”ni topgandan keyingina, to‘ylarni tartibga solish bo‘yicha qaror qabul qilinishini bildirdi.

“To‘yga o‘zi kim javob beradi? – Yomon to‘y bo‘ldi, bizga noma'qul to‘y bo‘ldi. – Kimga jazo berish kerak. Yana shu jazo beriladigan odamni topib keyin qaror qabul qilamiz”, - deya oydinlik kiritdi davlat rahbari. 

Uning aytishicha, dabdabali to‘ylarni hech kim o‘z maoshi evaziga qilmaydi. Bu esa, og‘ir ahvolda kun kechirayotgan aholi g‘azabini qo‘zg‘ashi mumkin. 

“Tasavvur qiling, oyligi yo‘q, ishi yo‘q, shifoxonaga borishga, dori olishga puli yo‘q odamga 20ta mashinada to‘y qilgan odam qanday ko‘rinadi? Yoqadimi? Men o‘ylayman yoqmaydi. Adolatsiz. Man-man degan odamga bitta savol: shu zo‘r to‘y qilgan odam oyligiga qila oladimi? Eng oddiy fuqaromiz ham sal o‘zini tiklab olsin. Uni, kechirasiz, oddiy tilda aytganda, g‘azabini keltirmaylik”, - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Prezident Mirziyoyev to‘ylar xususida ma'ruzasini davom ettirar ekan, Olmazor tumanini Toshkent shahrida ixcham to‘ylar o‘tkazish bo‘yicha namunali tuman qilish borasida taklifini bildirdi va topshiriqlar berdi. 

“Farzandlar kamolini ko‘rish, sog‘-salomat yurishsa, qanday baxt! Kichkinagina to‘y, to‘yni pulini bolangizni hisobiga o‘tkazib qo‘ying. O‘zlari to‘y qilsin. 50 kishi bilan to‘y qilishni Olmazor tumani boshlanglar. Ularni ham dardi bor o‘zi. Olmazor tumani to‘y-marosimlarni o‘tkazish bo‘yicha namunaviy tuman bo‘ladi shaharda.

Senat qaror qabul qilayotganda to‘yni qanday ixcham o‘tkazishni shu tuman misolida ko‘rsatadi. Mahalla raisi chiqib, chiroyli tabrik va duoni qilib o‘tkazadi. Xavf-xatar bo‘lmaydi u yerda. 505ta mahallada bittadan namunaviy to‘y bo‘ladi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Davlat rahbarining fikricha, to‘ylarni ixchamlashtirish masalasi shoshilmasdan hal etilishi kerak bo‘lgan muammolardan biridir.

“Shoshilib bo‘lmaydigan masala bu. Buni yetti marta o‘lchab-bir marta kesmasa bo‘lmaydi. Endi xalqni aldab bo‘lmaydi”, - deya ta'kidladi O‘zbekiston prezidenti.  

Top