13:11 / 25.12.2018
4540

Ish bilan ta'minlangan norasmiy ishchilar barcha band aholining 59,5 foizini tashkil etadi - vazirlik

O‘zbekistonda ish bilan band aholi soni 13292,1 mingga yetdi va ko‘rsatkich mos ravishda 0,5 foizga yaxshilangan. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rasmiy ma'lumot tarqatdi. 

Ma'lum qilinishicha, iqtisodiy faol aholining 5383,3 ming nafari rasman ish bilan band, deya e'tirof etilgan. Ushbu ko‘rsatkich 1,2 foizga oshgan bo‘lib, oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan yuridik shaxslar soni 4 foizga ko‘paygan. Shuningdek, dehqon xo‘jaliklarida mehnat qilayotganlar aholi soni ham 4,9 foizga oshdi. 

Vazirlik Kun.uz'ga taqdim etgan xabarga ko‘ra, takomillashgan hisoblash metodologiyasi bilan o‘tkazilgan tadqiqotlardan so‘ng, ish bilan band aholining 7908,8 ming nafari norasmiy shaklda mehnat bilan shug‘ullanishi ma'lum bo‘lgan. Ya'ni ish bilan band barcha aholining 59,5 foizi  iqtisodiyotda rasman raqamlanmaydi. 

Eslatib o‘tamiz, vazirlik joriy yil yakunlari bo‘yicha ishsizlik ko‘rsatkichini ham ma'lum qilib, uning yaxshilanishiga qisman qishloq xo‘jaligida kuzatilgan faollik ijobiy ta'sir qilganini bildirgandi. ​

Top