Germaniyaning yerosti gaz va vodorod omborlari operatorlari birlashmasi - INES (Initiative Energien Speichern) mamlakatda kelayotgan qish mavsumida tabiiy gaz taʼminoti bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelishi mumkinligini maʼlum qildi.
Tashkilotning 8-sentabr kuni eʼlon qilingan maʼlumotlariga koʻra, sentabr boshida Germaniya gaz omborlari atigi 53 foizga toʻlgan. Bu soʻnggi 15 yilda, yaʼni tegishli statistika yuritila boshlanganidan beri qayd etilgan eng past koʻrsatkichdir.
Taqqoslash uchun, oʻtgan yili omborlardagi gaz zaxiralari 53 foizlik darajaga iyun oyi oxiridayoq yetgan, sentabr boshiga kelib esa ularning toʻlganlik darajasi qariyb 71 foizni tashkil etgan.
INES hisob-kitoblariga koʻra, texnik jihatdan 1-noyabrga qadar Germaniya gaz omborlarini taxminan 77 foizgacha toʻldirishi mumkin. Biroq buning uchun gazni omborlarga quyish surʼatini sezilarli darajada oshirish talab etiladi.
Xususan, qolgan ikki oy ichida omborlarga soʻnggi uch oy davomida jami quyilganidan ham koʻproq gaz joylashtirish kerak boʻladi.
Sovuq qishda gaz yetishmasligi mumkin
Mutaxassislarning baholashicha, qish odatiy haroratda oʻtsa, omborlarning 77 foizga toʻldirilishi mamlakat ehtiyojlarini taʼminlash uchun yetarli boʻlishi mumkin.
Biroq qish 2010-yildagidek oʻta sovuq kelsa, bunday zaxira yetarli boʻlmaydi. INES modellashtirishiga koʻra, ekstremal sovuq ssenariysida gaz omborlari yanvar oyidayoq keskin kamayib, fevral boshiga borib butunlay boʻshab qolishi mumkin.
INES rahbari Sebastian Xaynerman ham omborlarning 77 foizga toʻldirilishi oʻta past harorat sharoitida yetarli emasligini taʼkidlagan. Ayni paytda iliq yoki odatiy sovuq qishda bu miqdordagi zaxira yetarli boʻlishi kutilmoqda.
INES Germaniyadagi tabiiy gaz va vodorod omborlari operatorlarini birlashtiradi. Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, uning 17 ta aʼzosi mamlakatdagi gaz saqlash quvvatlarining 90 foizdan ortiq qismini qamrab oladi.
Nega gaz omborlari sekin toʻldirilmoqda?
Germaniya gaz omborlarining avvalgi yillarga nisbatan past darajada toʻldirilayotgani bir necha oydan beri muhokama qilinmoqda. INES bu holatni, birinchi navbatda, bozordagi iqtisodiy sharoit bilan izohlamoqda.
















