Birinçidan, yaqinda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan Haaga tribunali tomonidan qidiruv e’lon qilingandan keyingi Moskvaga kelgan birinçi davlat raxbari Si Jinping böldi. Tabiiy, bu uçraşuv Haaga tribunali qidiruv e’lon qilişidan ança vaqt oldin reja qilingan. Lekin, qidiruv e’lon qilinganidan keyin Xitoy liderining Moskvaga kelişi, Vladimir Putin uçun siyosiy va geosiyosiy dastak sifatida talqin qilindi.
Ikkinçidan, XXR raisi Si yaqinda uçinçi beş yillik muddatga saylanib, özining birinçi xorijiy taşrifini Moskvadan boşladi. Bu, siyosatda ramziy ma’noga ega. Bu bilan, Si “mening taşqi siyosatimda Putin bilan aloqalar – muhim ahamiyatga ega” degan signalni beradi.
Uçinçidan, 2016 yildan beri diplomatik aloqalari uzilgan Saudiya Arabistoni va Eron Islom Respublikasi, aynan Pekinda, Si vositaçiligida yaraşişdi. Bu bilan, Si özini xalqaro maydonda “eng katta tinçlikparvar vositaçi” deya körsatmoqda.
Mana şu fonda, Si Rossiya va Ukraina örtasidagi uruşni töxtatiş borasida, bir oy muqaddam öz rejasi bilan çiqqan edi. Haliga qadar tomonlar uşbu tinçlik rejasini tamoman qarama-qarşi talqin qilmoqda.
Haqiqatda, Xitoyning 12 punktdan iborat tinçlik rejasida, Ukraina tomonini ham, Rossiya tomonini ham rozi qiladigan nuqtalar bor, va şuning uçun ham, bu reja öta ziddiyatli qabul qilinmoqda.
Eng asosiysi, ğarb strateglari 1990-yillardan beri qörqib keladigan ssenariy yuz beriş ehtimoli kuçayib bormoqda. Bu – AQŞ boşçiligidagi kollektiv ğarbga qarşi qaratilgan Rossiya-Xitoy ittifoqi.
Si boşçiligida, XXR va AQŞ örtasidagi raqobat va strategik tiraşuv, borgan sari kristallaşib bormoqda. AQŞ özining istiqbolni belgilaş borasidagi tahliliy hujjatlarida, aynan Xitoyni özining “eng asosiy raqibi” sifatida belgilaydi. Rossiyani esa “duşman davlat” deb nomlasa-da, Moskvaning resurslari Xitoynikiga qaraganda bir neça baravar çeklanganligi uçun, asosiy xavotirlarini Pekin bilan boğlaydi.
Boşqaça qilib aytganda, Xitoy ehtirosga berilmaydi, boy va qudratli, butun elita örtasida konsensus bor, şuning uçun Pekin – AQŞ uçun ança xavfli. Rossiyada Putin hokimiyatdan ketişi bilan, bu davlatning içki va taşqi siyosati özgaradi, va şu bilan Rossiya-AQŞ örtasidagi tiraşuv özgariş ehtimoli yuqori.
Demak, Putin va Si uçraşuvlari, Rossiya propagandasi tomonidan “mana, Putin hali ham dunyodagi eng qudratli şaxslar tomonidan tan olinadigan, qudratli siyosatçi” degan ma’noda talqin qilindi.












