17:07 / 27.10.2023
7146

O‘zbekiston TIV Yaqin Sharqdagi qurolli mojaroni faqat diplomatik vositalar bilan hal etishga chaqirdi

Baxtiyor Saidovning Yaqin Sharq davlatlari elchilari bilan uchrashuvlarida G‘azo sektoridagi mavjud vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.

Foto: O‘zbekiston TIV

Bugun, 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida BAA, Jazoir, Iordaniya, Kuvayt, Misr, Qatar, Falastin, Saudiya Arabistoni va Isroilning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan. 

Unda boshqa masalalar qatorida G‘azo sektoridagi mavjud vaziyat yuzasidan ham fikr almashilgan.

«Biz yana bir bor barcha tomonlarni tinch aholi orasida minglab insonlar, jumladan, bolalar qurbon bo‘layotgan qurolli mojaroni to‘xtatishga, yechim topish uchun faqat diplomatik vositalar va xalqaro huquq me’yorlaridan foydalanishga chaqiramiz», — deya yozadi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov.

7 oktyabr kuni G‘azo sektorini nazorat qiluvchi HAMAS harakati a’zolari Isroilning chegaradosh hududlariga hujum qilganidan keyin, isroillik harbiylar bunga javoban sektor hududini o‘qqa tutib kelmoqda. Aviazarbalar natijasida minglab tinch aholi vakillari ham halok bo‘lgan.

Ayni vaqtda sektorda gumanitar inqiroz chuqurlashmoqda, hudud to‘liq blokada qilingan, Isroil armiyasi esa sektor hududida quruqlik amaliyoti o‘tkazishga tayyorlanmoqda.

O‘zbekiston TIV 9 oktyabr kuni ham mazkur mojaro bo‘yicha bayonot berib, kurashayotgan tomonlarni qurolli qarama-qarshilikni tez fursatlarda tugatish va inqirozni siyosiy hamda diplomatik vositalar orqali hal qilish uchun barcha choralarni ko‘rishga chaqirgandi.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top