Toshkentda davom etayotgan “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivalida jiddiy mojaro yuz berdi. Bu haqda kinoshunos jurnalist Shoxira Hamro o‘z Facebook sahifasida yozib qoldirgan.

“Hozirgina hayotiy saboqning eng kattasi ro‘y berdi. Yana qayerda deng? Turk kinosi kunlari o‘tayotgan Forumlar saroyi sahnasida! Yuzlab o‘zbek muxlislari ko‘z o‘ngida! Bizning “yulduzlar”ning ham ba’zilari zalda edi, zora ular uchun ham saboq bo‘lsa. Hozir bir boshidan gapirib beraman. Xullas, birinchi suratda ko‘rib turganingizdek, Turkiyadan tashrif buyurgan 9 ta aktyor sahnaga chiqib, hurmat saqlab tomoshabin bilan yuzma-yuz bo‘lishdi.

Lekin o‘zbek “burakshunoslari” va Yashilchoy muxlislari tadbirning yarmini ularni kutib, ko‘chada o‘tkazishganiga qaramasdan va sahnada boshlovchilar ikki qayta tantana bilan e’lon qilishsa-da, bu ikkisi chiqmadi. Va nihoyat Nurgul Yashilchoy sahnani bir burchagidan chiqib, o‘sha yerda qotdi. Hamyurt hamkasblariga bir qur nazar tashladi-yu, ikki qo‘lini ikki cho‘ntagiga solib, g‘oz turib oldi. Uzatilgan mikrofonni ham qo‘liga olishni ep ko‘rmay, boshlovchining qo‘lidagi mikrofonga egilib, salom, yaxshimisizlar” – dedi-yu, boshqa aktyorlar yoniga borib o‘tirmasdan, sahna ortiga o‘tib ketdi. Oybek Veysal o‘g‘li (tadbir boshlovchisi) to‘qqizta aktyor bilan birma-bir samimiy suhbat qildilar, lekin Yashilchoy qaytmadi. Burak-ku umuman ko‘rinmadi.

Ko‘nglimning bir chekkasidan “u shunchalik mashhurmikan, to‘qqizta hamkasbini mensimadiya” – degan fikr yilt etib o‘tdi. Bunday o‘ylagan bir men emas ekanligim keyinroq ma’lum bo‘ldi. Sahnadagilarni sovg‘a-salomlar bilan o‘rinlariga kuzatib qo‘yishgachgina Nurgul sahnaga chiqib keldi va uning boshiga boshlovchining boshidagi tojini kiydirib, endi shou boshlanayotgan edi, 58 yildan beri kino san’atiga halol xizmat qilib, sochi oqargan, o‘zining ta’biricha “podshodan qulgacha” barcha rollarni o‘ynagan Sardor Gyokxan sahnaga otilib chiqdi-yu, mikrofonni olib “tomoshamizni buzdi deb mendan xafa bo‘lmanglar. Ming afsus, mana bu oyog‘i yerdan uzilgan ikki hamkasbimiz sahnada biz bilan birga o‘tirishdan or qildi, aslida ular bizning safimizda bo‘lishga noloyiq. Siz odamning qiyofasiga qarab baho bermang, uning kimligini xatti-harakatlari bildirib turadi. Biz ortiq bu ikkisining ahmoqona tomoshasini ko‘rib, haqoratni jimgina yutib keta olmaymiz. Biz bu yerni hoziroq tark etamiz” – dedi-yu, to‘qqiz turk ijodkor zalni tark etdi”, – deb yozadi jurnalist.