“Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali matbuot xizmati 15 sentabr kuni Toshkent shahridagi Xalqaro anjumanlar saroyida o‘tkazilgan “Turk kinosi kunlari”ning ochilish marosimida yuz bergan holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:
1. Ijtimoiy tarmoqlarda “Turk kinosi kunlari”da turk aktyorlari o‘rtasida yuzaga kelgan o‘zaro kelishmovchilik sababli go‘yoki ushbu tadbir o‘tkazilmay qolgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Bu xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Uchrashuvlar dastur asosida o‘tkazildi. Ijodiy uchrashuv davomida so‘zga chiqishi kerak bo‘lgan aktyorlarning barchasi so‘zga chiqdi.
2. Turk kinoijodkorlari o‘rtasidagi hodisa quyidagicha yuz berdi: Ijodiy uchrashuv moderatorlari va boshlovchilar dastlab aktyorlarni belgilangan tartib bo‘yicha taklif qilishdi. Ularning har biri uchun maxsus o‘rindiqlar ajratildi. Sahnaga turk delegatsiyasi vakillari - Nazif Tunch va Mustafa Ug‘ur Yagchiog‘lu, ssenariynavis Pinar Yag‘icholu, aktyor va aktrisalar Tuba Unsal, Serdar Turan, Serdar Go‘kxan, Jyelal Al, Murat Aydin, Gizem Lidiya Denizji, 2002 yildagi “Dunyo go‘zali” Azra Akin chiqib kelishdi.

Navbat Burak O‘zchivit va Nurgul Yashilchayga kelganida, ular alohida chiqishlarini ma’lum qilishdi. Ulardan avval sahnaga chiqqan kinoijodkorlar zaldagilar bilan muloqot qilishdi. Moderatorlar va zaldagilarning savollariga batafsil javob qaytarildi. Tomoshabinlar ularni guldiros qarsaklar bilan olqishlab turishdi. Uchrashuvdan so‘ng turk delegatsiyasi vakillari zalga tushishdi va o‘zaro maslahatlashib, agar Burak O‘zchivit bir davrada o‘tirishni istamasa, o‘z navbatida ular ham Burak bilan bitta zalda o‘tirmasliklarini ma’lum qilishdi. Shundan so‘ng turk delagatsiyasi zalni tark etishdi va Xalqaro anjumanlar saroyining foyesidan joy olishdi.
Bu paytda zalda Nurgul Yashilchay bilan uchrashuv boshlandi. Aktrisa tomoshabinlarning ko‘plab savollariga javob qaytardi. Tomoshabinlar har bir javobdan so‘ng uni olqishlab turishdi. Oxirida sahnaga Burak O‘zchivit chiqdi, uchrashuvni yuqori darajada o‘tkazdi, ko‘pgina muxlislar bilan suratga ham tushdi.
3. Tadbir yakuni bo‘yicha Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vazirining o‘rinbosari Ahmet Misbah Demirkan hamda delegatsiyaning boshqa a’zolari yuz bergan holat uchun kinofestival direksiyasidan uzr so‘radi.









