Ukraina prezidenti amerikalik hamkasbi Donald Trampning da’volari va Rossiyaning bosimiga javob berdi. Quyida Volodimir Zelenskiy nutqining asosiy tezislari keltirilgan.

Trampning o‘z reytingi 4 foizga tushib qolgani haqidagi da’vosini dezinformatsiya deb atadi.

«Agar kimdir meni hoziroq almashtirmoqchi bo‘lsa, bu hozir ilojsiz. Biz mening reytingim 4 foiz ekanligi haqidagi dezinformatsiyani ko‘rdik. Biz uning Rossiya tomonidan tarqatilayotganini ham tushunamiz. Bizning qo‘limizda bu raqamlar Amerika va Rossiya o‘rtasida muhokama qilinganiga doir dalillar bor. Achinarlisi, prezident Tramp… bu dezinformatsiya muhitida yashayapti», — dedi prezident.

Ukraina fuqarolarining turli davlat yetakchilariga bo‘lgan ishonchi haqida sotsiologik ma’lumotlarni e’lon qilishni va’da qildi.

Zelenskiy «yaqin hafta-ikki hafta ichida» ukrainaliklarning unga, AQSh prezidenti Donald Trampga, Polsha bosh vaziri Donald Tuskka, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga va boshqa ittifoqchi davlatlar yetakchilariga bo‘lgan ishonchi darajasini ochiq e’lon qilishini ma’lum qildi.

AQSh Putinni ko‘p yillik izolyatsiyadan chiqarishga yordam bermoqda, dedi Zelenskiy.

«AQSh va Rossiya Saudiya Arabistonida o‘z ikki tomonlama masalalarini muhokama qilayotgani – ularning haqqi. Menimcha, AQSh Putinga ko‘p yillik izolyatsiyadan chiqishga yordam berdi – kecha ruslar bilan ularni jabrlanuvchi sifatida ko‘rib gaplashishdi. Tramp ma’muriyati Rossiyaga bo‘lgan munosabatni yumshatdi, urushni esa endi «mojaro» deb atayapti.

Men Tramp jamoasida ko‘proq haqiqat bo‘lishini xohlardim. Chunki bu ishlar Ukrainaga mutlaqo ijobiy ta’sir qilmayapti. Ular Putinni izolyatsiyadan olib chiqayotgani esa aniq. Fikrimcha, Putin ham, rossiyaliklar ham bu vaziyatdan juda xursand. Kecha allaqachon Rossiya jabrlanuvchi degan ishoralar paydo bo‘ldi. Bu — qandaydir yangi narsa», — dedi Zelenskiy.

Ukraina AQShdan 67 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ va budjetga 31,5 mlrd dollarlik yordam olgan.

Volodimir Zelenskiy Ukraina Rossiyaga qarshi urushda 320 mlrd dollar sarflagani, shundan 200 mlrd dollar xalqaro harbiy yordam bo‘lgani, AQSh esa keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri Ukrainaga 67 mlrd dollarlik harbiy yordam taqdim etganini ma’lum qildi.

Prezident AQSh Ukrainani urushdagi umumiy yordamning 90 foiz bilan ta’minlagani haqidagi da’volar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ishora qildi.