Qabul–2021: Abituriyentlarni qanday yangiliklar kutyapti?
2021 yilda O‘zbekistondagi OTMlar bakalavriatiga 1,6 million abituriyent hujjat topshirishi taxmin qilinmoqda. DTM boshqarma boshlig‘i abituriyentlarni qiziqtirayotgan savollarga javob berdi.
Davlat test markazi Test sinovlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Farhod Mirzayev Xpress.uz'ga bergan intervyusida OTMlar bakalavriatiga kirish imtihonlari yuzasidan qator savollarga javob berdi.
Bu yil 5ta fandan imtihon olish rejalashtirilmoqda
Bu yil kirish imtihonlari 5ta fandan o‘tkaziladi. Prezident qarorida kirish imtihonlari 2ta mutaxassislik va 3ta majburiy fanlardan o‘tkazilishi belgilangan. Majburiy fanlarga ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi kiradi.
O‘tgan yili pandemiya sharoiti hisobga olinib, istisno tariqasida imtihonlar 2ta fanga qisqartirilgan edi.
Tanlov imkoni cheklanmasligi mumkin
DTM yuqori tashkilotlarga kirish imtihonlarida abituriyentlarning istalgancha ta'lim yo‘nalishlarini tanlash imkonini berish to‘g‘risida taklif kiritgan. Agar taklif qabul qilinsa, abituriyentlar oldingi yilgidek 5ta yo‘nalishni emas, o‘z fanlariga mos 20 yoki 25ta yo‘nalishni tanlashi mumkin bo‘ladi.
Hozir yo‘nalishlar cheklangani uchun yuqori ball to‘playdigan abituriyentlarning imkoniyati ba'zida cheklanishi mumkin. Tanlov cheklanmaydigan bo‘lsa, bilimli yoshlarning talaba bo‘lish imkoni yana oshadi.
Bu yil savollar o‘tgan yilgidek oson bo‘lmaydi
Kirish imtihonlarida mantiqiy savollar soni ko‘paytiriladi. Hozirgacha shu turdagi savollar tuzilib, ularning aprobatsiyasi ham o‘tkazilmoqda. Bunday savollar matematika, tarix, biologiya, kimyo kabi fanlarda ko‘p bo‘ladi.
O‘tgan yili pandemiya sharoiti bo‘lgani uchun abituriyentlarning imkoniyatlari hisobga olinib, to‘rtinchi qiyinlik darajasidagi savollar olib tashlangan edi. Bu yil unday bo‘lmaydi. To‘rtinchi qiyinlik darajasi o‘rniga mantiqiy savollar tuziladi.
Qiyinlik darajasi yuqori bo‘lgan savollar mutaxassislik fanlariga tegishli; majburiy fanlardagi savollar darajasi oson bo‘ladi.
Turli fanlardan olingan sertifikatlar abituriyentga maksimal ball berilmaydi
Ayni paytda ona tili, matematika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha milliy sertifikat olish uchun ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari boshlangan. Oldindan imtihon topshirib, sertifikat olgan abituriyentlarga ular to‘plagan foizdan kelib chiqib, kirish imtihonida ball beriladi.
Abituriyentda 2ta tanlov bo‘ladi: xohlasa, sertifikat olishda yig‘gan ball foiziga qarab tegishli ballga ega bo‘lishi yoki sertifikati bo‘lsa ham, o‘z xohishiga ko‘ra imtihonda test ishlab ball to‘plashi mumkin.
Demak, bu yilgi kirish imtihonlarigacha 5ta fandan: matematika, ona tili, kimyo, biologiya va ingliz tilidan sertifikat olib, oldindan ballga ega bo‘lish mumkin.
Bu yilgi maksimal ball qancha?
Majburiy fanlar blokida jami 45ta savol bo‘ladi va har bir to‘g‘ri javobga 2,1 ball beriladi. Mutaxassislik fanlari blokida esa 2ta fan bo‘ladi va bitta savol 3,1 ball bilan baholanadi.
Abituriyent maksimal 280,5 ball to‘plashi mumkin.
200 nafar abituriyentga prezident granti beriladi. U qanday tartibda ajratiladi?
Bu yil kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 kishiga prezident granti berilishi e'lon qilindi. Lekin maksimal ball to‘playdigan abituriyentlar soni 200 kishidan oshib ketishini taxmin qilish mumkin.
Masalan, o‘tgan yili pandemiya tufayli savollar osonlashtirilishi hisobiga maksimal ball to‘plagan abituriyentlar soni mingga yaqin bo‘lgan. Undan oldingi yillarda esa maksimal ball to‘plaganlar soni 200dan oshgan vaqtlar ham, 200ga yetmagan vaqtlar ham bo‘lgan.
200 kishiga prezident granti ajratish tartibi ishlab chiqilmoqda. Ishchi guruh maksimal ball to‘plagan abituriyentlar soni 200 kishidan oshib ketsa, grant egalari qanday saralab olinishi bo‘yicha tartibni ishlab chiqadi.
Kirish imtihonlari bu yil ham ochiq havoda o‘tkazilishi mumkin
DTM imtihonlarni ochiq havoda o‘tkazish variantini ham, yopiq binolarda o‘tkazish variantini ham ko‘rib chiqmoqda. Imtihon vaqti mavjud epidemiologik vaziyat hisobga olinadi va agar vaziyat taqazo qilsa, imtihonlar ochiq havoda o‘tkazilishi ham mumkin.
Imtiyozlar bilan muammo bo‘lmasligi ustida ishlanyapti
Hozirgi prognozga ko‘ra, 1 million 615 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirishi prognoz qilinmoqda.
Bu yil kirish imtihonlarini tashkil qilishda imtiyozlar bilan muammo bo‘lmasligi uchun harakat qilinmoqda. Hozirdanoq barcha tegishli tashkilotlarga xatlar yuborilgan. Hujjat topshirish jarayonida kimda imtiyoz bo‘lsa, uning shaxsiy kabinetida ko‘rinib turadi.
Mavzuga oid
15:25 / 17.06.2023
Grant asosidagi qabul kvotalari tasdiqlandi
16:04 / 15.06.2023
Qabul boshlanishiga 5 kun qoldi, kvotalardan esa darak yo‘q
21:30 / 12.06.2023
Talaba xotin-qizlar uchun soliq imtiyozi kengaytiriladi
12:15 / 09.06.2023