Minskda Aleksandr Lukashenkoga qarshi yangi aksiya o‘tkazildi. RT va Belteleradiokompaniya ma'lumotlarida unda 20 ming kishi ishtirok etgan, «Meduza» bahosiga ko‘ra esa — 150 ming kishi (bir hafta oldingi Belarus tarixidagi eng yirik aksiyada Minskning 200 ming aholisi qatnashgandi). Namoyishchilar Mustaqillik maydonida yig‘ila boshlashdi, keyin «Minsk — qahramon-shahar» yodgorligi tomon yurishdi. Memorial tikanli simlar ortida joylashgan harbiy xizmatchilar bilan o‘rab olingandi: Belarus mudofaa vaziri Viktor Xrenin armiya Ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotirasi uchun o‘rnatilgan yodgorlikni qo‘riqlashini ma'lum qilgandi. Aksiyaning ayrim ishtirokchilari soldatlarga yaqin kelishdi, ammo Viktor Babarikoning shtabi vakili Mariya Kolesnikova va Svetlana Tixanovskayaning ishonchli vakili Olga Kovalkova ulardan ortga qaytishni so‘rashdi.

Namoyishchilar qarshisida muxolifatchilarning muvofiqlashtirish kengashi a'zolari chiqish qilishdi. Ular Belarus parlamentining quyi palatasi va mahalliy kengashlarning mamlakatda ro‘y berayotgan voqealarga munosabat bildirmagan deputatlarining barchasining muddatini tugatish, shuningdek, referendum orqali 1994 yilgi konstitutsiyani qaytarish (unga ko‘ra prezidentlik muhlati cheklanadi) rejalari haqida ma'lum qilishdi.

Namoyishchilarning bir qismi Mustaqillik saroyiga — Aleksandr Lukashenkoning ishchi qarorgohiga yetib borishdi. Telegramdagi Nexta kanali ularni shunga chorladi. Ammo qarorgoh tomon yaqinlashgan bir necha ming kishi IIV xodimlari va maxsus texnikalardan iborat halqa tomonidan to‘xtatildi. Namoyishchilar va harbiylar o‘rtasida musiqachilar qo‘shiq aytishdi, namoyishchilar ularga jo‘r bo‘lishdi. Bu vaqtda Minskda internet faoliyatida muammolar kuzatila boshladi (A1 operatori buni «davlat organlarining milliy xavfsizlikni ta'minlash» bilan bog‘liq talabi sifatida izohladi). Taxminan bir soat vaqt o‘tib namoyishchilar shahar markaziga qaytishdi va keyin asta-sekinlik bilan tarqala boshlashdi. Shundan so‘ng qarorgoh atrofidagi halqa ham yechildi, namoyishchilarni qo‘lga olish holatlari kuzatilmadi.


















