O‘zbekiston | 15:44 / 06.12.2024
14725
4 daqiqa o‘qiladi

BAAda yana 9 o‘zbekistonlik ushlandi. Ular bilan 11 kundan buyon hech kim ko‘risha olmayapti

25 noyabr kuni Dubayda mehnat qilayotgan bir guruh O‘zbekiston fuqarolari politsiya tomonidan olib ketilgan. Bu haqda ushlanganlardan birining yaqini Kun.uz'ga ma’lum qildi. Unga ko‘ra, politsiya holat bo‘yicha hech qanday izoh bermagan, ushlab turilganlar bilan hech kim gaplasha olmayapti. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi holat yuzasidan BAA Tashqi ishlar vazirligiga nota yuborgan va javob kutmoqda.

Foto: Kun.uz

Dubaydagi ijara uyidan olib ketilgan fuqarolardan birining akasi Kun.uz'ga murojaat qildi.

“BAA huquqni muhofaza qiluvchi idoralari xodimlari Dubaydagi villani ijaraga olib yashayotgan 15-20 nafar atrofidagi O‘zbekiston fuqarolarini olib ketishdi. Holat 25 noyabr kuni sodir bo‘lgan. U yerda ijara turganlar orasida mening ukam ham bor edi. Ular ko‘pchilik bo‘lib, birgalikda arzonroq bo‘lgani uchun bitta joyda ijara turgan. Qolganlari nima ish qilishini bilmayman.

Ukamda ishchi viza bor, u Dubay aeroportdagi logistika kompaniyasida qonuniy asosda ishlab kelayotgan edi. 25 noyabrdan beri ukam bilan aloqaga chiqa olmadik, ota-onam, hammamiz qattiq xavotirlanyapmiz”, – deydi Kun.uz'ga murojaat qilgan fuqaro.

Murojaatchiga ko‘ra, mahalliy politsiya O‘zbekiston fuqarolarining qo‘lga olinishi borasida hech kimga, hech qanday izoh bermagan. U Dubaydagi O‘zbekiston konsulxonasining Sayfullo ismli xodimi bilan aloqaga chiqqan. Konsullik rasmiysi masalaga oydinlik kiritish maqsadida BAA Tashqi ishlar vazirligiga tegishli nota yuborilgani, hozirgi kunda javob kutilayotganini bildirgan.

O‘zbekiston TIV matbuot kotibi Ahror Burhonov Dubayda O‘zbekiston fuqarolari ushlanganini tasdiqladi. Muammoni hal qilish ustida ish olib borilmoqda.

“25 noyabr kuni 9 nafar O‘zbekiston fuqarosi Dubayda huquqni muxofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. TIV va konsullik bu voqeadan xabardor. Holat yuzasidan BAA tegishli idoralariga so‘rov yuborganmiz, lekin ulardan javob kelmayapti. Ish bo‘yicha advokat ham yollangan”, – dedi TIV rasmiysi.

Kun.uz'ning Tashqi ishlar vazirligidagi manbasiga ko‘ra, holat BAAda isroillik ravvinni o‘ldirishda gumonlab qo‘lga olingan O‘zbekiston fuqarolari ishi bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Isroillik ravvinning o‘limi va BAAga kiritilmagan o‘nlab o‘zbeklar

21 noyabr kuni BAAning Al-Ayn amirligida Isroil va Moldova fuqarosi, BAA rezidenti bo‘lgan rohib Tsvi Koganning jasadi qotillik alomatlari bilan topildi. BAA Ichki ishlar vazirligi jinoyatda gumonlab uch nafar O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga olgan. Isroil nashrlariga ko‘ra, “Mossad” gumondorlarni Eron bilan bog‘liq guruhga aloqador deb hisoblamoqda.

Bu orada, 26 noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Isroil elchisi bilan uchrashib, O‘zbekiston hukumati tergov jarayonlarida BAA va Isroil idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini bildirdi.

Shundan so‘ng, 30 noyabr kuni Toshkent–Abu-Dabi yo‘nalishida uchgan O‘zbekiston fuqarolaridan 31 nafari – faqat erkaklar – amirliklar hududiga kiritilmadi. Ular Abu-Dabi xalqaro aeroportida chegaradan o‘tkazilmagan. O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi aeroport ma’muriyati va amirliklarning mutasaddi idoralari bilan muloqotda bo‘lib, vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qildi. Keyinroq Abu-Dabi xalqaro aeroportida qolib ketgan vatandoshlarning bir qismi O‘zbekistonga qaytarilgani xabar qilindi.

2 dekabr kuni tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev BAAning O‘zbekistondagi elchisi Said Matar al-Qamziyni qabul qildi. TIV axborotiga ko‘ra, tomonlar so‘nggi kunlarda O‘zbekiston fuqarolarining BAAga kirishida kuzatilayotgan qiyinchiliklar bo‘yicha fikr almashgan hamda holatni imkon qadar qisqa muddatlarda hal qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib olgan.

Mavzuga oid