Jamiyat | 23:28 / 19.12.2017
43191
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi mashhur Siyob bozori buziladimi?

Foto: KUN.UZ

2019 yilda Samarqand shahridagi Siyob bozori o‘rniga barcha qulayliklarga ega uch qavatli gipermarket barpo etiladi. Bu haqda viloyatda rus tilida nashr etiluvchi «Samarkandskiy vestnik» gazetasi yozib chiqqan.

Tuzilgan hududiy dasturga ko‘ra, joriy yilning iyul oyidan boshlab quruvchilar Temiryo‘l dehqon bozori, shuningdek Jomboy, Urgut, Kattaqo‘rg‘on va Bulung‘ur tumanlaridagi markaziy bozorlarni rekonstruksiya qilishga kirishishgan. Bu yerda to‘rt xil turdagi zamonaviy gipermarketlar, supermarketlar va minimarketlar barpo etilmoqda. Bozorlarga yondosh hududlarda savdo pavilonlari qad ko‘taradi, deb yozadi nashr.

— Bozorlarda tipli loyihalar bo‘yicha ikki qavatli supermarketlar qurish ishlari jadal bormoqda, — deydi viloyat savdo majmualari va bozorlar ittifoqi boshqaruvchi raisi o‘rinbosari Zafar Abdurahmonov. — 2020 yilning 1 yanvariga qadar Past Darg‘om, Oqdaryo, Narpay, Payariq, Nurobod, Tayloq, Ishtixon, Qo‘shrabot tumanlaridagi, shuningdek, Samarqand shahridagi Marmar va Damariq bozorlarida shu kabi rekonstruksiyalar amalga oshiriladi.

Yangi savdo majmualarini bunyod etish, dehqon bozorlari hududlarini obodonlashtirish, bozorlar yaqinida yangi avtoturargohlar tashkil qilish Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining viloyat bo‘limi mablag‘lari hisobiga amalga oshirilmoqda.

— Dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirish uchun 36 milliard 23 million so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan, — deydi TIF MB viloyat bo‘limi kredit bo‘limi bosh mutaxassisi O‘ktam Quvondiqov. — Bugungi kungacha bankimizning hududiy bo‘limlari tomonidan 7,9 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratib bo‘lindi.

Nashrning ma'lumotiga ko‘ra, ushbu ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 martdagi «2017–2019 yillarda dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududlarida zamonaviy savdo majmualarini qurish Dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori doirasida amalga oshirilmoqda.

Qayd etish joizki, Siyob bozori nafaqat Samarqand shahri, shuningdek O‘zbekiston va markaziy Osiyoning eng qadimiy va yirik bozori hisoblanadi. Bozorning hududi 7 gektarni tashkil etadi. Siyob bozori turistlar eng ko‘p tashrif buyuradigan joylardan biri hisoblanadi. Bozorning nomi shaharning tarixiy-geografik tumanlaridan biri — Siyob, shuningdek bozor yaqinidan oqib o‘tuvchi Siyob daryosi nomiga qo‘yilgan. «Siyob» so‘zi fors-tojikchadan tarjima qilinsa «siyoh ob» — «qora suv/daryo» ma'nosini beradi.

Shahar ma'murlari garchi Nuz.uz’ning Samarqand viloyat bo‘yicha o‘z muxbiriga shahardagi eng yirik bozor buzilishi haqidagi ma'lumotni tasdiqlashmagan bo‘lsa-da, Facebook’da an'anaviy sharqona bozor o‘rniga zamonaviy gipermarket qurilishi haqidagi xabar qizg‘in muhokama qilinmoqda. Foydalanuvchilarning aksariyati bu borada o‘z noroziligini bildirib, ushbu bozor turistlar tashrif bo‘yicha shahardagi ko‘hna osori-atiqalardan qolishmasligini bildirishmoqda.

Mavzuga oid