Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Diniy majmualar ochilishi va 100 yilga yetadigan ma’danlar - hafta dayjesti
Bayram arafasida tantanali ochilishlar: Toshkent va Samarqandda diniy majmualar, Olmaliqda esa $2,7 milliardlik fabrika ish boshladi. Notariusdagi naqd oldi-berdilar bankka ko‘chadi: uy va avtomobil sotuvlarining yangi tartibi belgilandi. Tadbirkorning bo‘yniga peshlavha “solig‘i”: Toshkentda “qonuniy, lekin adolatsiz” buzishlar yana avj oldi.
Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim voqealari – Kun.uz dayjestida.
Bayram oldidan ochilishlar
Hayit va Navro‘z bayramlari arafasida bir nechta yirik obektlar foydalanishga topshirildi. Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqandda qayta bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasi shular jumlasidan. Prezident tashriflaridan keyin, har ikkala majmua ham keng jamoatchilik uchun o‘z eshiklarini ochdi.
8 yil davomida qurilgan mahobatli Islom sivilizatsiyasi markazi – Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududida, 10 gektar maydonni egallagan. To‘rtta darvozadan asosiysi – Ulug‘bek darvozasi peshtoqiga Qur’oni karimning ilk nozil bo‘lgan oyati – “Yaratgan Robbing nomi bilan o‘qi” kalomi bitilgan. 65 metrlik gumbaz ostida esa Usmon Mushafi va turli sulolalar davrida yaratilgan 114 ta nodir Qur’on qo‘lyozmalarini o‘zida jamlovchi Qur’oni karim zali joylashgan.

Markazning uch qavatli binosidan ekspozitsiya zallari, zamonaviy texnologiyalarga ega muzey va kutubxona, anjumanlar zali, qo‘lyozmalarni restavratsiya qilish va elektron nusxa olish laboratoriyasi, nodir qo‘lyozmalarni saqlash fondlari, o‘quv zallari, xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalarning ofislari ham o‘rin olgan.
Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, Islom sivilizatsiyasi markazi har bir insonga, ayniqsa yoshlarga xalqimiz qanchalik buyuk tarixga ega ekanini anglashiga yordam beradi. Davlat rahbari bu butun musulmon ummatiga xizmat qiladigan maskan bo‘lishiga tilak bildirdi: “Mana shunday koshonalar – o‘zbek xalqimizga, buyuk musulmon ummamizga juda katta xizmat ko‘rsatadi, degan umiddaman”.

Ochilish va iftorlik marosimida taniqli tadbirkor Alisher Usmonov ham ishtirok etdi. Ushbu markazni bunyod etish bo‘yicha 2017 yilda qabul qilingan prezident qarorida yozilishicha, markazning ma’muriy va asosiy binolarini qurish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlari Usmonovning homiylik xayriya mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan. 2019 yilda biznesmen Islom sivilizatsiyasi markaziga 8 mln dollarlik nodir kitoblar jamlanmasini sovg‘a qilgani, 2021 yilda Usmonov ajratgan mablag‘lar qariyb 77 mln dollarga yetgani, loyiha qiymati esa dastlabki 4 yilda 4 barobarga oshib, 161,5 mln dollarga yetgani xabar qilingan.
Majmuaga kirish pulli: O‘zbekiston fuqarolari uchun guruh tarkibidagi 2 soatlik tur narxi bolalarga 25 ming, kattalarga 60 ming so‘m. Individual tashrif uchun tarif – 120 ming so‘m. Chiptani kirish joyidagi kassadan yoki iTicket.uz saytidan sotib olish mumkin.

Imom Buxoriy majmuasiga kelsak, rekonstruksiyadan keyin ziyoratgoh maydoni 44 gektargacha kengaygan. Ulkan maqbara ham qayta qurilgan; 10 ming kishilik masjid barpo etilgan (juma kuni unda ilk hayit namozi o‘qildi). Ziyoratgohning to‘rt burchagida esa 75 metrlik minoralar qad rostladi. Majmuadan Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazining ma’muriy binosi va buyuk muhaddisga bag‘ishlangan muzey ham joy olgan. Atrofda esa uchta mehmonxona va 20 dan ortiq oilaviy mehmon uylaridan iborat turistik infratuzilmani ko‘rish mumkin.
Xivaga tezyurar poyezd boradi
Toshkent–Xiva–Toshkent yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi qatnovi 1 maydan boshlanadi. Bu haqda prezidentning Samarqandga tashrifi doirasida transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qildi. Davlat rahbari seshanba kuni jamoatchilik vakillari bilan birga Samarqand shahridan Narpay tumaniga yangi poyezdda bordi.
Bu – Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan sotib olinayotgan 6 ta poyezddan birinchisi. Qolgan beshta tarkib yil oxirigacha olib kelinishi kutilyapti. Ular soatiga 260 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi. 7 ta vagondan iborat tarkib VIP, biznes va ekonom toifalarida jami 390 nafarga yaqin yo‘lovchi tashiydi. Poyezd O‘zbekiston iqlimi uchun maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, juda yuqori va juda past haroratlarga, chang-qum bo‘ronlariga chidamli va uzoq masofalarga mo‘ljallangan, deyiladi rasmiy xabarda.

Shavkat Mirziyoyev Samarqandga yangi keltirilgan elektrobuslar bilan ham tanishdi: hozircha Xitoydan 49 mln dollarlik 100 ta elektrobus olib kelingan bo‘lib, keyingi bosqichda yana 250 ta elektrobusga buyurtma berish reja qilingan. Buning uchun Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki 120 mln dollar ajratishi kutilyapti. Tashrif davomida, shuningdek, viloyatda 2,4 mlrd dollarlik 53 ta investitsion loyiha ishga tushirilib, yana 4,6 mlrd dollarlik 53 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlariga start berildi.
Olmaliqda 3-misni boyitish fabrikasi ishlay boshladi
Qo‘shaloq bayramlar arafasida ishga tushirilgan loyihalar orasida eng yirigi – Olmaliqdagi 3-mis boyitish fabrikasi. Loyihaning shu hafta ma’lum qilingan umumiy qiymati – 2,7 mlrd dollar. Aynan dushanba kuni ishga tushirilgan birinchi liniya qanchaga tushgani esa hozircha ma’lum emas.
Fabrika to‘liq ishga tushganidan keyin yiliga 60 million tonnagacha ma’danni qayta ishlab, 900 ming tonnaga yaqin mis konsentratini ishlab chiqaradi. Natijada kombinatdagi mis konsentratining kunlik hajmi hozirgi 2400 tonnadan 5000 tonnaga yetishi kerak.
Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, “Yoshlik-1” va “Qalmoqqir” konlarida 45 million tonna mis, 5 ming tonnadan ortiq oltin zaxirasi bor. Prezident zaxiralarning naqadar mo‘l-ko‘l ekaniga urg‘u berib, bunday ko‘lamdagi kafolatlangan xomashyo bazasi mahalliy sanoat uchun kamida 100 yilga yetishini ta’kidladi.


Ochilish marosimida qiymati 2,5 milliard dollarlik yangi mis eritish zavodini qurish ishlari ham boshlab yuborilgani e’lon qilindi. Bundan tashqari, 4-mis boyitish fabrikasi bo‘yicha ham loyihaoldi ishlari ketyapti. Rasmiylarga ko‘ra, bu yangi loyihalar ishga tushganida, Olmaliq kombinati mis ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi uchta eng yirik kompleksdan biriga aylanadi.
Ayni paytda, 3-mis boyitish fabrikasining keyingi navbatlari qachon ishga tushishi haqida ma’lumot yo‘q. Eslatib o‘tamiz, fabrika qurilishi 2021 yil iyul oyida boshlangan edi. O‘shanda loyiha qiymati 2 mlrd dollarga baholanib, birinchi liniyani ishga tushirish 2023 yil avgust oyiga reja qilingandi. Ma’lumot uchun, rejadan 2,5 yilga kechikkan, narxi esa hozircha 35 foizga oshgan loyiha pudratchilari sifatida Enter Engineering va Rossiyaning “Uralmashzavod” kompaniyalari tanlangan.
Notariusdan oldin – bankka...
Uy va avtomobil oldi-sotdisida banklar oladigan komissiya miqdori ma’lum bo‘ldi. Xabaringiz bo‘lsa kerak, 1 apreldan boshlab ko‘chmas mulk obektlari va ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan transport vositalari oldi-sotdisi majburiy ravishda bank orqali o‘ta boshlaydi. Bunda, xaridor bitimda ko‘rsatilgan summani bankdagi eskrou hisobvarag‘iga qo‘yishi kerak. Banklar bitim notariusda tasdiqlanganidan keyin mablag‘ni sotuvchining hisobraqamiga o‘tkazib beradi.
Chorshanba kuni Markaziy bank eskrou hisobraqamlari bilan bog‘liq bitimlarga xizmat ko‘rsatishda davlat banklari undirishi mumkin bo‘lgan komissiyalarning maksimal chegarasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, ko‘chmas mulk oldi-sotdisidagi komissiya BHMning 50 foizi, ya’ni 206 ming so‘mdan oshmaydi. Avtomobillar bo‘yicha esa komissiya BHMning 25 foizi, ya’ni 103 ming so‘mdan oshmasligi belgilab qo‘yildi. Bu cheklov xususiy yoki chet el banklariga taalluqli emas, ular komissiya miqdorini mustaqil belgilashi mumkin.
Bu yangi tartib qanday ishlashi bo‘yicha tegishli nizom o‘tgan hafta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Unga ko‘ra, 1 apreldan boshlab ko‘chmas mulk va avtomobillar oldi-sotdisini rasmiylashtirish jarayoni quyidagicha kechadi. Eng avvalo, xaridor, ya’ni uy yoki mashina olayotgan odam bankka borgan holda yoki bankning ilovasi orqali ariza berib, bank bilan eskrou hisobvarag‘i bo‘yicha shartnoma tuzadi. Kelishilgan pul eskrou hisobvarag‘iga kiritilganidan keyin, sotuvchi va xaridor notariusga boradi. Notarius eskrou-hisobda mablag‘ bor-yo‘qligini elektron tizim orqali tekshiradi va shartnomani tasdiqlab, bu haqda tizim orqali bankka xabar yuboradi. Bank notariusdan xabar olgan kuni eskrou-hisobdagi pulni sotuvchining so‘roviga ko‘ra yo uning hisobraqamiga o‘tkazib beradi, yoki naqd shaklda qo‘liga beradi.
Markaziy bank izohiga ko‘ra, agar xaridor va sotuvchiga bitta bankda xizmat ko‘rsatiladigan bo‘lsa, komissiya faqat bir marta olinadi. Agar xaridor va sotuvchining banklari boshqa-boshqa bo‘lsa, har bir bank belgilab qo‘yilgan maksimal komissiyaning uzog‘i 50 foizini olishi mumkin. Agar bitim amalga oshmasa yoki bekor qilinsa, eskrou-hisobdagi mablag‘ xaridorga qaytariladi.
Soliq qarzini svetga bog‘lash sinab ko‘riladi
Aholidan soliq qarzini undirish bo‘yicha Namangan viloyatida o‘tkaziladigan eksperiment 16 apreldan boshlanadigan bo‘ldi. Shu sanadan e’tiboran, mol-mulk va yer solig‘idan umumiy qarzi 1 mln so‘mdan oshgan namanganliklar elektr energiyasiga to‘lov qilolmay qoladi. Bu tartib hozircha faqat shu viloyatda, tajriba-sinov tariqasida joriy etilyapti. Sinov natijalariga asosan, undiruvning bunday chorasini boshqa hududlarda ham qo‘llash yoki qo‘llamaslik haqida 1 oktyabrgacha tegishli takliflar ishlab chiqiladi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi har xil gap-so‘zlardan keyin, Soliq qo‘mitasi bu eksperiment ehtiyojmand aholiga nisbatan tatbiq etilmasligini aytib chiqdi. Ya’ni Namangandagi boquvchisini yo‘qotgan oilalar, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxslar, nogironlar va qonunchilikda belgilangan boshqa imtiyozli toifalar – soliqdan qarzi 1 mln so‘mdan oshib ketgan taqdirda ham, elektr energiyasi uchun cheklovsiz pul to‘lay oladi.
Soliq qo‘mitasi o‘z bayonotida “abonent hisobida pul bo‘lsa ham svet o‘chaveradi” degan talqinlarni rad etdi. Qo‘mitaga ko‘ra, soliq qarzi 1 mln so‘mdan oshgan jismoniy shaxslar avvaliga bir necha marta ogohlantiriladi, shundan keyin ham qarzini to‘lamasa, elektr energiyasi uchun to‘lov qilishiga cheklov kiritiladi. Cheklovni yechish uchun esa, 1 mln so‘mdan ortiq qarzdorlikni to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, “qarzing bo‘lsa, svetsiz qolasan” degan qoida ilk marta o‘tgan yili, chiqindidan qarzdorlikka nisbatan yo‘lga qo‘yilgan edi. Bundan tashqari, 2026 yil 1 iyuldan e’tiboran, “kvartplata”ni har oyning 15-sanasigacha to‘lamagan mulkdorlar ham elektr energiyasiga to‘lov qilolmay qoladi.
Qayd etish lozim, chiqindi qarzdorligini elektr to‘loviga bog‘lash qonun orqali yo‘lga qo‘yilgan edi. Soliq va “kvartplata” masalasi esa hali qonunlarga kiritilmagan. Kiritilgan taqdirda ham, tanqidchilar bunday amaliyotga nisbatan avvalo inson huquqlari, qolaversa shartnomaviy munosabatlar nuqtayi nazaridan ko‘plab savollar borligini aytib keladi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Regulyator boshqaruvi yanvar oyidagi yig‘ilishdan keyin “keyingi majlisda stavkani pasaytirishimiz mumkin” degan signalni jo‘natgan edi, lekin keyin vaziyat o‘zgarib ketdi: Yaqin Sharqdagi urush fonida bazaviy inflatsiya oshgan. Markaziy bank endi voqealar rivojiga qarab stavka ko‘tarilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Ayni paytda, inflyatsion xatarlar oshganiga qaramay, so‘m kursiga nisbatan sezilarli bosim yo‘qligi aytilyapti. Chunki asosiy savdo hamkorlarimizning valutalari bo‘yicha kutilmalar ijobiy, oltin narxi yuqori, eksport va pul o‘tkazmalaridan tushumlar esa barqaror o‘sib borishi prognoz qilinyapti.
Xorijdan pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq ijobiy tendensiyalar davom etyapti. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarining kirib kelishi 28 foizga oshib, 19 mlrd dollarga yetgan. So‘nggi 3 yilda transfertlar Qozog‘istondan 25 foizga, AQShdan 50 foizga, Janubiy Koreyadan 2,1 barobarga, Turkiyadan esa 2,5 barobarga oshgan. O‘tgan yili Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan O‘zbekistonga 2020 yildagiga qaraganda 4 barobarga ko‘p – 563 mln dollar mablag‘ jo‘natilgan. 2025 yilda Koreya Respublikasidagi o‘zbekistonlik rezidentlar soni salkam 100 ming kishiga yetgani ham e’tiborga molik.
Toshkent shahrida do‘kon peshlavhalariga qaratilgan reydlarning yangi to‘lqini kuzatildi. Rasmiylar aksariyat peshlavhalarni noqonuniy deb e’lon qilib, ularni oldirib tashlamoqda. Avvalgi yillarda qabul qilingan hukumat qarorlariga ko‘ra, do‘kon nomi yoki shunchaki “dorixona” deb yozilgan peshlavhalar ham 1 kvadrat metrdan katta bo‘lsa, tashqi reklama hisoblanadi. Tashqi reklamani o‘rnatish uchun esa tegishli tartibda ruxsat olib, keyin har oy majburiy yig‘imni to‘lab borish kerak. Biznes-ombudsman bu tartib adolatsiz ekanini e’tirof etganiga qaramay, bu adolatsizlikni to‘xtata olmayapti. Kuni kecha deputat Bobur Bekmurodov ham tadbirkorlar himoyasiga chiqib, mas’ullarni insofga chaqirdi. “Poytaxtimiz estetikasi tadbirkorning “belini sindirish” evaziga bo‘lmasligi kerak”, dedi u.
Internetda so‘kinganlar javobgarlikka tortiladi. Qonunchilik palatasidan o‘tgan qonunga asosan, internetda uyatli so‘zlar bilan so‘kinganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritilyapti. Shuningdek, haqoratomuz shilqimlik qilish, jamoat tartibini va fuqarolar osoyishtaligini buzish, harbiy harakatlarda qatnashishni targ‘ib qiluvchi material tarqatish kabi harakatlar uchun ham alohida ma’muriy javobgarlik bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘zi sodir etgan huquqbuzarlikni internetda tarqatgan shaxslarga ham chora ko‘rilishi kutilmoqda. Aynan qanaqa sanksiyalar haqida gap ketayotgani hozircha ma’lum emas. Deputatlar qonunni 17 mart kuni qabul qilib, ma’qullash uchun Senatga yubordi.
Muallif – Komron Chegaboyev
Boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Mavzuga oid
09:00
Naqdga bitmas bitimlar va soliqdan norozi san’atkorlar - hafta dayjesti
17:07 / 02.04.2026
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Islom sivilizatsiyasi markaziga ko‘chib o‘tdi
17:00 / 30.03.2026
OKMKning Angrenliklarga ajoyib tuhfasi
10:00 / 29.03.2026