O‘zbekiston | 09:00
3663
17 daqiqa o‘qiladi

Naqdga bitmas bitimlar va soliqdan norozi san’atkorlar - hafta dayjesti

Naqd pulga benzin yo‘q: kundalik-maishiy tovarlarga bunday cheklov qanchalik to‘g‘ri? Avtomobil texpasportiga amal qilish muddati kiritildi: bu nimaga kerak? Poyezd kechiksa, yo‘lovchiga tovon to‘lanishi mumkin: mas’ullar bunga ko‘nadimi? Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid shu va boshqa muhim mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Naqdsiz iqtisodiyotga jiddiy, lekin bahsli qadam

2026 yil 1 aprel sanasi – O‘zbekistonda naqdsiz iqtisodiyotga o‘tish yo‘lidagi burilish nuqtasi bo‘ldi: metan va propan, benzin va dizel kabi yoqilg‘ilar, alkogol va tamaki mahsulotlari, kommunal va davlat xizmatlari, ko‘chmas mulk va avtomobillar, qolaversa, qiymati 25 mln so‘mdan ortiq har qanday tovar va xizmatni faqat naqdsiz shaklda oldi-sotdi qilish tartibi kuchga kirdi.

Aslini olganda, oxirgi yillarda zamona zayli va fintex sohasidagi qoyilmaqom taraqqiyot bilan, naqddan ko‘ra naqdsiz pulning afzalligi muttasil oshib borayotgan edi. Bu tendensiya mutlaqo tabiiy, tadrijiy yo‘l bilan ketayotgan, transformatsiya sur’atini sekin deb bo‘lmasdi. Gap bu yerda faqatgina moslashuvchan yoshlar yoki infratuzilma birmuncha yaxshiroq shaharlar aholisi haqida ketmayapti: e’tibor bering, 2026 yil yanvar oyida O‘zbekistondagi pensionerlarning 90 foizi pensiyasini o‘z ixtiyori bilan naqdsiz shaklda olgan. Shu birgina faktning o‘ziyoq mamlakatimizda ko‘pchilik sezmay ham qolgan “to‘lov inqilobi” allaqachon boshlanib bo‘lganidan darak beradi.

Shunga qaramay, hukumat naqdsiz hisob-kitoblarga o‘tish dinamikasini yanayam tezlashtirishga qaror qildi. Bu qarorning eng mantiqli qismi – ko‘chmas mulk va avtomobillar oldi-sotdisiga oid. Bunday tartib – iqtisodiyotda yirik aylanmalarning bank orqali o‘tishini ta’minlab, kelgusida pul yuvishga qarshi muhim to‘siq vazifasini bajaradi. Hozircha rasmiylar uchun birinchi vazifa – aylanmalarni bank tizimiga kiritib olish ustuvor bo‘lib turibdi: Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, yangi tartib tufayli bank tizimiga 60–100 trillion so‘mgacha “tekin pul” oqib kirishi kutilyapti.

Yirik bitimlardagi naqdsiz oldi-berdining ikkinchi funksiyasi, ya’ni pul yuvishga qarshi mexanizm – rivojlangan davlatlardagidek aksariyat fuqarolar uchun daromadlar deklaratsiyasi joriy etilganidan keyingina ishlay boshlaydi. Chunki mulkdor sotgan uyining puliga nimadir xarid qilganda, o‘sha pulni qayerdan olganini tushuntirishiga to‘g‘ri keladi, natijada shartnomada haqiqiy summani ko‘rsatishga tabiiy ehtiyoj paydo bo‘ladi. Darvoqe, bunday ehtiyoj hozir ham yo‘q emas: agar shartnomada haqiqiy summani kamaytirib ko‘rsatsangiz, 3 yil ichida uyni sotgan taqdiringizda yaxshigina soliq majburiyati bilan yuzlashishingiz mumkin.

1 apreldan kuchga kirgan naqdsiz hisob-kitob talabi – tamaki, alkogol va yoqilg‘i kabi kundalik maishiy tovarlarga ham taalluqli ekaniga kelsak, bu masala ancha-muncha bahslarni keltirib chiqardi. Bu taqiq haqiqatan ham radikal chora bo‘ldi deyish mumkin. Tarmoqlarda buning qanchalik qonuniyligiga baho berish haqidagi chaqiriqlarga ko‘zingiz tushgandir ehtimol. Ko‘plab foydalanuvchilar so‘m kupyuralariga bitilgan yozuv: “O‘zbekiston so‘mi – respublika hududida hamma to‘lovlar uchun qabul qilinishi shart” degan qoidaga e’tibor qaratyapti. Qator faollar fikricha, qo‘lida naqd puli bor fuqaroning mashinasiga benzin quyish huquqini cheklab qo‘yish uchun qaror yo farmon kifoya emas, buning uchun qonun darajasidagi huquqiy asos bo‘lishi kerak.

Haydovchilar uchun ikki yangilik

1 apreldan keyin oldi-berdining hech bo‘lmaganda bir qismini bank orqali o‘tkazib avtomobil sotib olgan odamlar, boshqa bir yangilikka ham hammadan birinchi bo‘lib duch kelishdi: ularga berilgan texpasport avvalgidek cheksiz muddatga emas, 5 yilga berildi. Va bu yangilik ham haftaning eng ko‘p muhokama qilingan mavzularidan biri bo‘ldi.

Kimdir bexabar bo‘lsa, eski tartib quyidagicha edi: agar mashinaning egasi yoki davlat raqami o‘zgarmasa, gazballon o‘rnatilmasa va boshqa rangga bo‘yalmasa, texpasportni yangilash zarurati yo‘q edi. 2026 yil 1 apreldan boshlab esa, amal qilish muddati 5 yil bo‘lgan texpasportlarni berishga o‘tildi. Bu yangi tartib 1 aprelgacha olingan guvohnomalarga tegishli emas, ularning amal qilish muddati cheklanmagan statusda qoladi.

Texpasportga muddat belgilash nega kerak bo‘lib qoldi? Rasmiylar ikkita sababni keltiryapti: birinchidan, avtomobilning dvigatel va kuzov kabi asosiy agregatlari almashmaganini tekshirib turish uchun; ikkinchidan, pasport va ID-karta kabi hujjatlarda ham amal qilish muddati bor. Har ikkala vajga jamoatchilik faollari darhol qarshi argumentlar bilan javob qaytardi: asosiy agregatlar almashmagani shundog‘am davriy texnik ko‘riklar vaqtida tekshiriladi. Pasport va ID-kartada muddat borligi esa, bu hujjatlarda shaxsning surati tushirilgani bilan bog‘liq: axir 10 yoshga ulg‘aygan odamning qiyofasi ham o‘zgaradi. Bu o‘rinda avtomobil texpasportini xuddi uyning kadastr hujjati, tug‘ilganlik yoki nikoh haqidagi guvohnomalar bilan bir qatorga qo‘yish mantiqqa mos keladi.

Texpasportni har 5 yilda almashtirish – nafaqat ovoragarchilik, balki xarajat ham demakdir. Buning to‘lovi borasida YHXX bergan izohda hech narsa deyilmagan. Amaldagi tartibga ko‘ra, texpasport olish uchun BHMning 70 foizi, ya’ni 288 400 so‘m miqdorida to‘lov belgilangan.

Bu hafta ko‘plab haydovchilar yana bir xarajat bilan ro‘baro‘ keldi. Bundan buyon o‘zingizga tegishli mashinani boshqa odamga boshqarishga berayotgan paytingizda, agar u radarga tushganida jarima ham, jarima balli ham o‘zining hisobiga yozilishini istasangiz, javobgarlikni uning nomiga o‘tkazib qo‘yishingiz mumkin. Agar o‘tkazmasangiz, jarimalar va jarima ballari sizning hisobingizga yozilishda davom etadi.

Javobgarlikni o‘tkazish to‘lovi – agar onlayn amalga oshirilsa, BHMning hozirgi stavkasida 37 ming so‘mga so‘mga teng. Xizmat ishga tushishi uchun mulkdor MyGov orqali bergan arizani narigi haydovchi ham o‘z akkauntiga kirib tasdiqlashi kerak. Eslatib o‘tamiz, bu tartibning aynan 1 apreldan ishga tushgani sabab – ayni shu sanadan e’tiboran radarlar qayd etgan qoidabuzarliklar uchun ham haydovchilarga jarima balli hisoblash boshlandi. Bungacha faqat YPX xodimlari tomonidan qo‘l rejimida tuzilgan bayonnomalar asosida ball hisoblab kelinayotgan edi.

Bu o‘rinda, javobgarlikni boshqa shaxsga o‘tkazish imkoniyati – ashaddiy qoidabuzarlar uchun qonuniy “lazeyka” bo‘lib qolishining oldini olish muhim ahamiyatga ega. Chunki ballari 12 ballga yaqinlashib qolgan, shu sabab haydovchilik guvohnomasidan ayrilish xavfi ostida turgan qoidabuzar – toki 12 oylik muddat tugab, ballari nollashgunga qadar bir necha oy davomida mashinani go‘yoki qarindoshi yoki tanishi haydab yurgandek qilib tizimga kiritib qo‘yishi mumkin. Bu esa uzoq yilda nihoyat erishilgan jarima ballari tizimining samarasini cheklab qo‘yadi.

Iste’molchi huquqlari uchun kurash

Agar poyezd kechga qolsa, yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanishi kerak. Raqobat qo‘mitasi shunday tashabbus bilan chiqdi. Qo‘mita Transport vazirligiga yuborgan so‘rovga ko‘ra, poyezd tashuvchining aybi bilan kechikkan taqdirda, yo‘lovchilarga tovon puli to‘lanadigan tartib joriy etilishi mumkin. Agar poyezd 15-30 daqiqaga kechiksa, kompensatsiya miqdori chipta narxining 15 foiziga teng bo‘ladi. 1 soatdan 2 soatgacha oraliqdagi kechikish uchun temiryo‘l kompaniyasidan yo‘lkiraning yarmiga teng tovon undirish ko‘zda tutilyapti.

Hozir shunga o‘xshash tartib faqat “Afrosiyob” poyezdlari uchun amal qilib qilyapti. Agar Transport vazirligi iste’molchilar huquqlarini himoyalovchi organning so‘rovini yerda qoldirmasa, bunday tartib mahalliy yo‘nalishlardagi boshqa oddiy va tezyurar poyezdlarga ham tatbiq etiladi.

Qayd etish kerak, tashuvchining aybi bilan reys kechikkan taqdirda, yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanishi bo‘yicha qat’iy-majburiy tartibga aviatsiya sohasida ham zarurat bor. Ob-havo sharoitining noqulayligi, qayerdadir urush boshlanib qolishi yoki boshqa tashqi faktorlar o‘z yo‘liga, lekin samolyotda texnik nosozlik bo‘lgani vaji bilan kechikish yuz berishi – bu aviakompaniyaning aybi va buning uchun vaqtini yo‘qotgan iste’molchilar ortiqcha yugur-yugurlarsiz tovon puli olishi kerak. Bunday majburiyat aviakompaniyalarni mas’uliyatli va intizomli bo‘lishga undaydi.

Bu hafta iste’molchilar huquqiga oid yana bir loyihani Adliya vazirligi jamoatchilik e’tiboriga havola etdi. Muhokamaga qo‘yilgan hukumat qarori loyihasi bilan, mobil aloqa operatorlarida internet paketsiz, faqat ovozli muloqot va SMS'ni o‘z ichiga oluvchi tarif rejalari ham bo‘lishi kerak, degan qoida kiritilishi mumkin. Shuningdek, tarif rejalariga nom berishda oylik to‘lov yoki limitlar hajmini anglatadigan so‘zlardan foydalanish taqiqlanishi ko‘zda tutilyapti.

Eslatib o‘tamiz, mobil aloqa abonentlari manfaatida avvalroq qabul qilingan boshqa bir qaror 28 apreldan rasman kuchga kiradi. Unga asosan, tarif rejasini almashtirish bepul bo‘ladi, abonent balansini minusga kiritib qo‘yish taqiqlanadi, ishlatilmay turgan raqam egasining nomidan o‘chib ketadigan muddat 2 oydan 1 yilga uzaytiriladi. Qolaversa, avvaliga bepul bo‘lgan xizmatlarni pulli qilish man etiladi. Boshqa odamning nomiga olingan telefon raqam bilan banklar va to‘lov tashkilotlarining ilovasidan foydalanish ham 28 apreldan boshlab ilojsiz bo‘lib qoladi.

Haftalikning iste’molchi huquqlariga oid qismini Namangandagi voqea bilan yakunlaymiz. Yangi Namangan tumani Yangi zamin mahallasida chiqindi xizmati abonentlari kompaniyani antiqa tarzda jazoladi: mas’ul tashkilot mahallaga bir necha oydan beri kelavermagach, ikki mijoz uyida yig‘ilib ketgan chiqindilarni mashinaga ortib, xizmat ko‘rsatuvchi xususiy tashkilot binosi oldiga to‘kib kelgan. Ular Kun.uz bilan suhbatda chiqindi mashinaning oylab kelmay qo‘yishi avval ham kuzatilgani, xizmat sifatsiz bo‘lsa ham, to‘lov hisoblanaverishidan shikoyat qilishdi. Ogohlantirib aytamiz, bunday xatti-harakat, ya’ni belgilanmagan joyga chiqindi tashlash – huquqbuzarlik hisoblanadi.

Havoni tozalash uchun eko-choralar

Ekologiya qo‘mitasi havo sifati masalasini kun tartibida ushlab turibdi. Qo‘mita tashabbusi bilan 25 mart kuni davlat rahbari ekologiya sohasiga oid 1 ta qonun, 2 ta farmon va 3 ta qaror imzoladi. Ularda ko‘rsatilgan yangiliklarning ayrimlarini sanab o‘tamiz.

Avvalo, o‘tgan yili kuzda Toshkent shahri havosini yaxshilash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish uchun tuzilgan Maxsus komissiyaning faoliyat muddati 2027 yil 1 martgacha uzaytirildi va komissiya endi nafaqat Toshkent, butun respublika bo‘yicha havo sifatini yaxshilashga mas’ul bo‘ldi. Poytaxtda yangi sanoat zonalari tashkil qilishga moratoriy e’lon qilindi. Quruvchilar va atrof-muhitga zararli korxonalar zimmasiga yangi ekologik majburiyatlar yuklandi. Shaharda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish, buning uchun kerakli asbob-uskunalarni 2027 yil 1 oktyabrgacha o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.

Ichki ishlar vazirligi Toshkentdagi barcha avtomobillarga yil oxirigacha eko-stiker berish topshirig‘ini oldi. Avvalroq tasdiqlangan tartibga ko‘ra, eko-stiker bepul beriladi; hozir foydalanishda bo‘lgan mashinalarning aksariyati yashil stiker oladi. Yil oxirigacha poytaxt hududi yashil, sariq, qizil zonalarga ajratilishi kerak. Sariq va qizil stikerli mashina egalari taqiqlangan zonaga kirgan taqdirda, ularga chora ko‘rish 2027 yildan boshlanadi. Shuningdek, yangi farmon bilan, “Avtomobilsiz kun” aksiyasi doirasida davlat amaldorlariga har oyning 10- va 25-sanalarida xizmat mashinasidan foydalanish taqiqlandi.

Havo sifati keskin yomonlashib ketgan paytlar uchun harakatlar tartibi ishlab chiqilishi kutilyapti. Bunda SMS yuborish va OAV orqali aholini tezkor ogohlantirish, zaif guruhlarni ko‘chaga chiqmaslikka chorlash, ommaviy tadbirlarni cheklash, ta’lim muassasalarida ochiq havodagi mashg‘ulotlarni bekor qilish nazarda tutiladi. Bunday paytlarda hatto davlat tashkilotlarida ish rejimi o‘zgartirilishi yoki xodimlar masofaviy shaklga o‘tkazilishi ham mumkin. Favvoralar, sug‘orish va mikroiqlim tizimlarini yoqib qo‘yish, daraxtlarga suv sepish, asfaltdagi changni yuvib tashlash, sanoat korxonalariga qo‘shimcha cheklovlar kiritish kabilar ifloslanishga qarshi favqulodda choralar majmuini tashkil etadi.

Imzolangan hujjatlarda butun respublika bo‘yicha yashillik darajasini oshirish, shaharlar va sanoat obektlari atrofida yashil belbog‘lar yaratish bo‘yicha vazifalar joy olgan. 1 aprel kuni davlat rahbari Toshkentdagi Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berdi. Shu kuni 108 gektarlik bog‘ning dastlabki 5 gektariga ko‘chatlar ekildi. Daraxt ekish va yangi bog‘ tashkil etish tadbirlari bir vaqtning o‘zida respublikaning barcha hududlarini qamrab oldi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Soliq to‘lamaslikka o‘rganib qolgan san’atkorlar – muhokama markazida. Ular o‘tgan hafta e’lon qilingan qaror loyihasidan norozi: loyihaga ko‘ra, ijrochilarga har bir to‘y uchun alohida: qishloqlarda 103 ming so‘mdan, Toshkentda esa san’atkorning reytingiga qarab 1 mln 236 ming so‘mgacha stavkada soliq solinishi mumkin. Samandar Hamroqulov, Sharof Muqimov va Abduvosit Sarimsoqov kabi soha vakillari videomurojaat bilan chiqib, ko‘plab san’atkorlar qiynalib tirikchilik qilayotgani, bo‘ynida kreditlari borligi, soliq ularga og‘irlik qilishini aytib chiqdi.

Shundan keyin Davron Ergashev “pistachi ham soliq to‘layapti, nega biz to‘lamasligimiz kerak” degan chiqishi bilan jamoatchilik olqishiga sazovor bo‘ldi. “San’atkorlarga uyat-da, Instagram’da chiqib, kredit olganman, qarz bor, deyish. Uyalish kerak. Kim sizlarga kredit olinglar deyapti?” – dedi Davron Ergashev. Jahongir Otajonov va Yulduz Usmonova kabi xonandalar esa, agar soliq solinsa, san’at ahliga “O‘zbekkonsert” qo‘yadigan majburiyatlar bekor qilinishi kerakligini aytmoqda.

Davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasi rejimiga o‘tdi. 1 apreldan boshlangan yangi tartib – o‘tgan yili shifokorlar kuni arafasida qabul qilingan prezident farmonida belgilangan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, bundan buyon davlat ishidagi tibbiyot xodimlari uchun haftalik ish vaqti 36 soatdan oshmaydi. Poliklinikalar va oilaviy shifokorlik punktlari dushanbadan jumagacha ertalabki 8 dan kechgi 8 gacha, shanba kunlari esa soat 8 dan 14:00 gacha xodimlarning navbatchiligi asosida ishlaydi. Ish vaqtining qisqarishi maoshning kamayishiga olib kelmaydi, deyiladi vazirlik xabarida.

Toshkentda YPX xodimi hujumga uchradi. Xodim 102 ga qilingan chaqiruv asosida, hamkasbi bilan birga Malibu va Leapmotor to‘qnashuvi ro‘y bergan joyga borgan. Holatni rasmiylashtirishga uringan paytida Malibu'ning mast holdagi haydovchisi unga tirsagi bilan zarba bergan. Internetda tarqalgan videoda mashtumzo‘rning yonida uning akasi ham bo‘lganini ko‘rish mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, akasi Sherzod Pardayev Sirdaryo viloyati IIBda rahbarlik lavozimida ishlab kelgan. Polkovnik ukasini himoya qilib, vakolatidan noto‘g‘ri foydalangan deb topildi va ishdan olindi. Xodimga musht tushirgan 36 yoshli Bobur Pardayev esa – qamoqda.

Muallif – Komron Chegaboyev
Boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid