Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 7 oktabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 8 oktabr kuni bo‘lib o‘tdi.

UzA xabariga ko‘ra, Ko‘ksaroy qarorgohida Turkmaniston Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tgan. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov shohsupaga ko‘tarildilar. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tishdi.

Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov tor doiradagi muzokaralar chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama etdilar, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Prezidentimiz Turkmaniston rahbarining ushbu tashrifi mamlakatlarimiz munosabatlari tarixida muhim siyosiy voqea, yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan hamkorligimiz izchil rivojlanib borayotganining dalolati ekanini ta'kidladi.

Turkmaniston Prezidenti davlatimiz rahbariga taklif uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda muttasil taraqqiy etayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch, manfaatlarni hurmat qilish, xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyillari asosida rivojlanmoqda. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik barcha dolzarb masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari o‘xshash yoki yaqindir. O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umume'tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi. Turkmanistonning tashqi siyosati betaraflik, tinchliksevarlik, yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga qurilgan.

O‘zbekiston va Turkmaniston qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.

Ikki davlat rahbarlari Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashar ekan, Afg‘onistonda harbiy kuch ishlatish yo‘li bilan tinchlik o‘rnatib bo‘lmasligini yana bir bor ta'kidladilar. Terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik kabi tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikka doir masalalarni ham muhokama etdilar.