Jamiyat | 15:10 / 09.05.2016
19701
3 daqiqa o‘qiladi

“Oyqiz ertagi” – o‘zbek kinosining eng qimmat tarixiy blokbasteriga aylandi

Akbar Bekturdiyev rejissyorligida suratga olingan  «Oyqiz ertagi» filmining treyliri chiqqanidayoq ko‘pchilikda kartinani ko‘rishga bo‘lgan ishtiyoq ortgan edi. 

«Oyqiz ertagi»da bosh rollarni ijro etgan Yigitali Mamajonov  va Yulduz Rajabova filmda o‘zlarining bor mahoratlarini ishga solishgan. Shu o‘rinda Yigitali Mamamjonov jang sahnalarini kaskadyorsiz o‘zi bajarganini, Yulduz Rajabova ham bu film uchun ancha jonbozlik ko‘rsatganini suhbatlardan birida rejissyor aytib o‘tgan edi.

Rejissyor filmga osmondan nom olib qo‘ymagan… Filmdagi voqealar  Sarang malikasi Oyqiz tomonidan hikoya qilinadi. Rejissyor ushbu filmga dastavval “Cho‘l malikasi” deya nom qo‘yishni o‘ylaydi, ammo keyinchalik uning fikri “Oyqiz ertagi”da to‘xtaydi.

Filmda Yigitali Mamajonov, Yulduz Rajabovadan tashqari Alixan, Ma'ruf Otajonov, Dilbar Ikromova, Xayrulla Sa'diyev, Feruza Sobitova va boshqalar ishtirok etgan.

Film Xorazm viloyati, ichkari cho‘l hamda Ichanqal'ada, shuningdek, Toshkent viloyatining so‘lim joylarida suratga olingan. Bundan tashqari film uchun O‘zbekfilm pavilonida 9 ta maxsus dekoratsiya ham qurilgan.
Film uchun “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan ajratilgan mablag‘ ham ancha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. “Oyqiz ertagi” filmi uchun “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan 1 mlrd 600 mln so‘m mablag‘ sarflangan. 

“Oyqiz ertagi” filmi 2014 yildan buyon suratga olinmoqda. “Baron” filmining rejissyori Rustam Sa'diyev o‘zining Facebook’dagi sahifasida “Oyqiz ertagi” filmining video lavhasini joylashtirib “O‘zbek kinosida yangi davr boshlanyapti”, deya qoldirgan izohi ham ko‘pchilikning qiziqishini orttirgan edi.