20-oktabr kuni Markaziy bank maʼlum qilganidek, sentabr oyida Rossiyaning oltin zaxirasi yana 0,2 million troya unsiyasiga (taxminan 6,2 tonnaga) qisqardi, uning umumiy hajmi esa 2019-yil oxiridan beri eng past koʻrsatkichga - 72,8 million unsiyagacha tushib ketdi.
Dekabr oyida Markaziy bank soʻnggi oʻn yilliklardagi eng yirik sotuvni boshlaganidan buyon uning zaxiralaridagi oltin miqdori 2 million troya unsiyasiga, yaʼni taxminan 62 tonnaga kamaydi.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi statistikasiga koʻra, zamonaviy tarixda Rossiya oʻz oltin zaxirasini faqat bir marta bundan tezroq va koʻproq sotgan: 1998-yilda defolt, valyuta inqirozi va davlat qisqa muddatli obligatsiyalari piramidasining qulashi fonida Markaziy bank uch oy ichida 3,8 million troya unsiyasi (118 tonna) oltin sotib yuborgan edi. Toʻgʻri, yil oxiriga kelib quymalarning bir qismi qayta sotib olingan va yil yakunida Markaziy bankning oltin zaxirasi 1,6 million unsiyaga (taxminan 50 tonnaga), yaʼni joriy yildagidan kamroqqa qisqargan.
Keyinchalik Kreml zaxiralarda faqat oltin toʻplab bordi va 1990-yillarning oxiridan beri oltin zaxirasini besh barobardan koʻproqqa oshirdi. 2022-yil boshiga kelib u 74 million troya unsiyasi yoki 2,3 ming tonnani tashkil etib, hajmi boʻyicha dunyoda beshinchi oʻrinda turardi.
Oʻtgan yil oxirida boshlangan hamda Rossiya Markaziy bankini dunyodagi barcha markaziy banklar orasida eng yirik oltin sotuvchisiga aylantirgan bu sotuv jarayoni Moliya vazirligi ilgari Milliy farovonlik jamgʻarmasi (FOB) aktivlari bilan oʻtkazgan operatsiyalarni «aks ettirish» bilan bogʻliq, deb taʼkidlaydi Reuters:.
Sotilgan Rossiya oltinining bir qismi Xitoyga oqib ketmoqda - u joriy yilda Rossiyadan qimmatbaho metall xarid qilishni tarixiy rekord darajagacha oshirdi. Xitoy bojxona boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, yanvar-iyul oylarida Honkongga Rossiyada qazib olingan 100 tonnaga yaqin oltin keltirilgan - bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan uch barobar koʻpdir.
Dunyodagi eng yirik London bozori Rossiya oltini uchun oʻz eshiklarini yopgach, rossiyalik yetkazib beruvchilar eksportni sharqqa yoʻnaltirmoqda. Urushning birinchi yilidayoq Rossiyadan Xitoyga oltin oqimi yopirilgan va, Financial Times hisob-kitoblariga koʻra, shundan beri Honkong orqali 35 milliard dollarlik qimmatbaho metall olib chiqib ketilgan.
















