Jamiyat | 14:50 / 13.05.2016
16307
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar 1 va 2 jahon urushigacha yana bittasi bo‘lganini da'vo qilishmoqda

Xorijiy OAVda quyidagi mazmunda maqolalar paydo bo‘la boshladi: birinchi va ikkinchi jahon urushlaridan avval, «nolinchi jahon urushi» ham bo‘lgan. Nashrlarda yozilishicha, mashhur Troya urushi mazkur antik urushning «so‘nggi  akkordi» bo‘lgan.

Shveytsariyalik bir guruh tarixchilar bildirgan gipotezaga ko‘ra, insoniyat tarixidagi jahon urushini nasab jihatidan xettlarga aloqador, e. a. III ming yillikda Kichik Osiyoning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy sohillarida istiqomat qilgan luviyaliklar boshlab bergan. Ular «mustaqil sivilizatsiya»ga birlashishgan va xettlar imperiyasini barbod qilgan (tarixchilarning fikricha, bu haqda xettlar sahifalarida so‘z yuritilgan). 

So‘ngra luviyaliklar Misrga qarshi urush qilishgan va yangi podsholikni ham mag‘lub etgan. «Misrliklar dushmanlarini «dengiz xalqi» deb atagan, — deyishmoqda shveysariyalik olimlar. — Ularning Misrga yurishi o‘z navbatida  Mikena sivilizatsiya yakuniga va Troya urushi boshlanishiga zamin yaratgan».

Olimlarning qayd etishlaricha, «nolinchi jahon urushi» bo‘lganini ko‘plab yozma manbalar, shuningdek, Bronza asri oxirlarida O‘rta yer dengizi sharqiy qismidagi ko‘plab yirik shaharlarning vayron bo‘lganiga oid arxeologik topilmalar  tasdiqlaydi. 

Ammo tarixchilarning nazariyalarini mutlaq to‘g‘ri deb bo‘lmaydi: birinchidan, Xett davlatining qulashi, Troya urushi va Mikena sivilizatsiyasining tugashiga «dengiz xalqi»ning yurishi sabab bo‘lgani aniq emas. Ikkinchidan, «dengiz xalqlari»ga bir nechta qabilalar: sherdanlar, tirsenlar, turshlar, filistimliklar va chaqqollar, danunlar, frigiylar, shakaleshlar, akayvashlar (axeylar), garamantlar, luklar va tevkrlar kiradi.