Jamiyat | 09:29 / 09.06.2016
28983
5 daqiqa o‘qiladi

Havoning ifloslanishi inson hayotiga xavf solmoqda

Atrof muhitning ifloslanishi oqibatida kelib chiqadigan kasalliklar tufayli har yili sayyoramizda kamida 5 yarim million kishi vafot etadi. 2050 yilda bu raqam 6 million kishidan ortib ketishi aytilmoqda. Shundan teng yarmi Hindiston va Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Iflos havo oqibatida 2013 yilda Xitoyda 1 million 600 ming, Hindistonda bir yarim millionga yaqin, AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 300 mingga yaqin kishi vafot etgani aytiladi. AQShning ko‘plab mintaqalarida transport va elektrostansiyalardan chiqayotgan tutunlar havoni ifloslantiradi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatda qayd qilinadigan o‘limlarning 20 foiziga sabab bo‘ladi. Sharqiy Amerika, Yevropa, Sharqiy Osiyoda qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan zaharli moddalar havoni ifloslantirar  va o‘limlarning 40 foiziga  sabab bo‘lar ekan.

2013 yilda Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining Onkologik kasalliklarni o‘rganish Xalqaro agentligi (IARC) Hisobot e'lon qildi. Unda havoning ifloslanishi saraton kasalligining asosiy sababichisi ekani aytiladi. Jahoning ko‘plab mamlakatida havoning ifloslanishi bilan bog‘liq vaziyat og‘ir. “Sayyoramizdagi havo barcha insonlarga tegishli ekanligini anglab yetadigan payt yetib keldi. Biz havoning tozaligi uchun ma'suliyatni anglab yetishimiz kerak”, deydi Onkologik kasalliklarni o‘rganish Xalqaro agentligi vakili Dana Lumis.

Havoning ifloslanishi oqibatida yuz beradigan o‘limlarning 50 foiziga ko‘mir sabab bo‘lar ekan. Shu sababli ko‘plab mutaxassislar ko‘mirdan ko‘ra tabiiy gazdan foydalanishga o‘tish vaqti  kelaganini aytishadi. 

Mavjud muammo borasida tadqiqot o‘tkazgan AQShning Boston shahridagi Health Effects Institutes kompaniyasi mutaxassislari o‘z xulosalarini e'lon qilishdi. Amerikaning Yyel universiteti olimlari esa suniy yo‘ldoshlardan olingan suratlar orqali havoning ifloslanishi bilan bog‘liq jahon xaritasini yaratishdi. Unda bugungi kunda Dehli va Pekindagi havoning ifloslanishi belgilangan me'yordan 8-10 barobar yuqori ekani tan olinadi. Pekin dunyodagi havosi eng iflos shaharlardan biri sifatida qayd qilingan. Buning sababi shaharda avtomobillar sonining ko‘pligi va qo‘shni Xebey va Xenandagi zavodlardan zaharli tutunlarning chiqishi ekani aytiladi.

Mutaxassislarning fikricha, so‘nggi 50 yil mobaynida havo ifloslanishining oldini olish borasida Shimoliy Amerika, G‘arbiy Yevropa va Yaponiyada bir qator yutuqlar qo‘lga kiritildi. Buning uchun mazkur mintaqalarda havoni ifloslantirmaydigan yoqilg‘i va dvigatellardan keng foydalanish yo‘lga qo‘yildi, ko‘mir iste'moli kamaytirildi

Ma'lumki, havo ifloslanishining asosiy manbalari sifatida elektrostansiyalar, zavodlar, avtomobillardan chiqayotgan gazlar ko‘riladi. Ko‘mir va o‘tinlardan chiqqan tutun ham uzoq muddat havoda ushlanib qoladi. Bu ham, o‘z navbatida, inson salomatligi uchun katta xavf sifatida ko‘riladi.

Kanadadagi Vankuver universitetining jamoat sog‘liqni saqlash fakulteti o‘qituvchisi Maykl Branerning so‘zlariga qaraganda, havoning ifloslanishi jahondagi o‘lim sabablari ro‘yxatida to‘rtinchi o‘rinda turadi. Ammo amerikalik olimlarning aytishicha, havoning ifloslanishi oqibatida yuz beradigan kasalliklar tufayli qayd qilinadigan o‘limlar jahonda ikkinchi o‘rinda turadi. Birinchi o‘rinda tamaki chekish orqali kelib chiqadigan kasalliklar oqibatida yuz beradigan o‘lim turadi. Har yili tamaki 6 million kishining o‘limiga sabab bo‘lishi, bugungi kunda hech kimga sir emas.

 Bugungi kunda ekologiyani sof holda saqlash maqsadida dunyo bo‘ylab zaharli gazlarning havoga chiqarishni kamaytirish borasida qator rejalar ishlab chiqilgan. Mutaxassislarning fikricha, agar havoga zaharli moddalarning chiqishi kamaytirilmaydigan bo‘lsa, u holda yaqin kelajakda havoning ifloslanishi oqibatida yuz beradigan o‘limlar soni ortib boraveradi.

Sharofidin To‘laganov