Ayni pallada qizg‘in tusga kirgan Rio-2016 Olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga dastlabki medalni xorazmlik dzyudochi Diyorbek O‘rozboyev hadya etdi. Mazkur muvaffaqiyatdan ruhlangan o‘zbekistonliklar tahririyatga qo‘ng‘iroq qilishib, o‘z quvonchlarini izhor etishmoqda. Ulardan biri bo‘lmish xorazmlik Bunyodbek Egamberganov Diyorbek O‘rozboyevga bag‘ishlab tabrik she'ri yozgan.

Zafar quchding shukr, balli Diyorbek,
Ishonchin oqlading mag‘rur xalqingning.
Duosi, olqishi, tabrigi senga.
Hech kimdan kam bo‘lma, jasur o‘g‘lonim.

O‘zbekning g‘ururi ori ham senda,
Jismingda bobolar shijoati bor!
Vatan deya tushsang har gal maydonga,
G‘alabang tayindir, sha'ning sharafkor.

Sendagi matonat, sendagi g‘ayrat,
Kelgusi g‘alabang nishonasidek.
Raqibing shvedmi yoki gruzin,
Go‘yo ular asli senga tengmasdek.

Olg‘a borvergin marralar sari,
Dunyoga ko‘rsatgin o‘zbekning kuchin.
Ortingda mardona xalqing qo‘llaydi,
Ezgu orzu uchun, g‘alaba uchun!

Tahririyat tomonidan sportchining otasi Baxtiyor Avazovga qo‘ng‘iroq qilindi. 

M: "Assalomu alaykum Baxtiyor aka. Avvalo, farzandingizning ulkan muvaffaqiyati bilan «Kun.uz» sayti jamoasi nomidan chin qalbimizdan tabriklaymiz. Aytingchi, ayni damda qanday tuyg‘ularni boshdan kechirmoqdasiz?

B.A: "Ochig‘i buni so‘z bilan tariflashning imkoni bo‘lmasa kerak! Hayajonim, xursandchiligimning chek-chegarasi yo‘q. O‘g‘limning medal bilan taqdirlanganini eshitganimda, onasi bilan o‘zimizni qo‘yarga joy topa olmay qoldik. Qarindoshlar, do‘st-birodarlarimizning tabrik yo‘llab qo‘ng‘iroq qilishlaridan hayajonimiz yanada ortdi. O‘g‘limning prezidentimiz, xalqimiz, qolaversa, ustozlarining ishonchini oqlagani menda faxr tuyg‘ularini paydo qildi.

M: "Farzandingizning bolaligi davri haqida ham so‘zlab o‘tsangiz?

B. A: "Diyorbek to‘rt farzandimning ikkinchisi. Maktabda a'lo baholarga o‘qidi. Bolaligidan sportga qiziqqanligi bois, 3-sinfligida kurashning sambo turiga qatnadi. 5-sinfidan buyon dzyudo bilan muntazam shug‘ullanib keldi. Dastlab murabbiyi Umirbek Davletovdan saboqlar oldi. Hozirgi kunda Jamshid Xudoyberganov bilan mashg‘ulotlari olib bormoqda.