«AQSH tarixida hech kim siyosatdan bunchalik koʻp pul ishlab topmagan» - deb taʼkidlamoqda nashr.
Oq uy rahbari boyligi oʻsishining asosiy manbai kriptovalyuta loyihalari va umumiy qiymati taxminan 2,4 milliard dollar boʻlgan likvid aktivlar boʻldi. Xususan, Tramp 709 million dollarlik mem-tokenlarga va World Liberty Financial loyihasining 338 million dollarlik tokenlariga egalik qiladi, uning steyblkoin chiqarish biznesi esa 233 million dollarga baholanmoqda.
Shuningdek, Amerika prezidentining AQSH hududida oʻnta golf maydoni, Mar-a-Lago klubi, Trump National Doral Miami golf kurorti va Yevropada uchta obyekti bor. Forbes maʼlumotlariga koʻra, ularning umumiy qiymati 1,8 milliard dollarga yetadi. Bundan tashqari, Tramp koʻchmas mulkka 1,1 milliard dollar sarmoya kiritgan. Eng yirik obyektlar orasida Nyu-York va San-Fransiskodagi ikkita ofis majmuasidagi ulushlar, Trump Tower osmonoʻpar binosi, Trump Park Avenue turar-joy binosi va boshqalar bor. Yana 1 milliard dollar Trampning Truth Social ijtimoiy tarmogʻiga egalik qiluvchi Trump Media and Technology Group’dagi ulushiga toʻgʻri keladi. Forbes taʼkidlaganidek, moliyaviy nuqtai nazardan bu «Amerikadagi eng bemaʼni bizneslardan biri»: 2024-yilda kompaniya 3,7 million dollar daromad olib, 712 million dollar zarar koʻrgan.
Oq uy rahbarining boshqa aktivlari 700 million dollarga baholanmoqda. Ular orasida boshqaruv biznesi, vertolyot va samolyot, farzandlariga berilgan 5 million dollarlik qarzlar va 2 million dollarlik pensiya jamgʻarmalari mavjud. Shu bilan birga, Forbes hisob-kitoblariga koʻra, Trampning boyligi soʻnggi bir yil ichida 300 million dollarga kamaygan. Xususan, prezident sud daʼvolari boʻyicha 94 million dollar toʻlashi kerak.

















