Özbekiston Davlat Jahon tillari universiteti öqituvçisi Behzod Qobulov öz blogida Milliy ğoya samaradorligini oşiriş yölida fanni öqitişdagi öz tajribasini bayon qilgan.

Quyida post özgartirişlarsiz qayta naşr etilgan.

Men ta'lim unday bölişi kerak, bunday bölişi kerak degan daqqiyona xohiş-istaklarni, vaysaşlarni xuş körmayman. Xuddi baxtli bölişning muayyan retsepti bölmagani kabi, ta'lim jarayonida ham qat'iy, özgarmas qoidalar yöq, deb hisoblayman. “Ixlos bilan boqqil kitob yuziga”, deydi buyuk şoir Maxtumquli Firoğiy. Ixlos bilan bilim olmoqçi bölgan talabgorga hamişa imkon, şaroit topilgan va topiladi. Bu yölga kirganning şart-şaroit talab qilişi ham, aslida nedir mahdudlikdan, fikri torlikdan darak.

Ammo masalaning boşqa tomoni – ta'limni taşkil qilişga doir qismi rostdan ham öylovga muhtoj. Ta'limni taşkil qilişda davlatning roli, uslubiy yordami, rahbarlik qilişi, kengroq qaraganda, bir qadar nisbiy holatdir. Çunki, baribir bu jarayonda öşa umumiy körsatmalar, metodologik tavsiyalar asosida fan öqituvçisi erkin, mustaqil faoliyat yuritaveradi. Mana şu nuqtada noqislik bölişi mumkin. Sohasini tuşunib-tuşunmay işlayotgan öqituvçilar, muomala layoqati çatoq murabbiylar, nazariy bilimi sust pedagoglarning ham mavjudligi, davlatning inon-ixtiyoridan taşqarida, undaylar aylanib-örgilib sermoya joylarga örnaşib olaveradilar. Ular har gal attetstatsiya va tekşiruvlardan muloyimlik bilan ötişlari, neça yillik pedagogik stajga ega bölişlari mumkin, ammo aqalli bitta öquvçi yoki talabaning qalbiga yoruğ xayollarga oşinolik hissini yuqtira olmasalar kerak.
Gap zamonaviy ta'lim haqida ketar ekan, umumiy gap-sözlardan tiyilib, aniq manzilli mulohazalarimni bayon qilmoqçiman.

Ayni paytda örindoşlik asosida Özbekiston davlat jahon tillari universitetida faoliyat körsataman. Bu maskanda törtinçi bosqiç talabalariga “Milliy ğoya: asosiy tuşunça va tamoyillar” fanidan amaliy maşğulot (seminar) ötayapman. Asosiy kasbim jurnalist, falsafa böyiça aspiranturada öqiganman. Demak, har ikki sohani omixta qilib, talabalar bilan real muloqot qiliş imkonim bor. Jami önta guruhda 250 ga yaqin talabalar bilan (Uçinçi ingliz tili va roman-german fakulteti talabalari) bevosita işlayman, fikrlaşaman. Ha, aynan fikrlaşaman...

Ilk marta darsga kirganimda, talabalarning yuzida allaneçuk bepisandlik, istehzo hissini körganday böldim. Gap şundaki, fikrimça, aslida bitiruvçi kurs talabalariga milliy ğoyadan dars ötiş mutlaqo notöğri. Bu vaqtda talabaning fikrati millat ğoyasini qabul qilarli darajada sokin, özlaştirişga moyil kayfiyatda bölmaydi. Ammo dasturga kiritilgan ekan, na iloj? Maoş kerakmi, darsingni öt, mulla Behzod! Salom-alikdan keyin ularga bitta narsani, ya'ni dars davomida “Milliy ğoya” degan sözni işlatişni ta'qiqladim. Mana şu sözimning öziyoq, ma'lum darajada, talabalarda öqituvçi şaxsiga qiziqiş uyğotdi. Çunki, men bu talabalar haqida ba'zi tafsilotlarni bilardim, çamalab körgan edim. Keling, dastlab mavjud manzaraga nazar taşlaylik.