Jahon | 07:43 / 24.08.2016
8137
3 daqiqa o‘qiladi

Misrda cherkovlar qurishga ruxsat beruvchi qonun qabul qilinadi

Misrda cherkovlar qurishga ruxsat beruvchi yangi qonun qabul qilinadi. Bu haqda Misr bosh vaziri Sharif Ismoil ma'lum qildi.  

"Qonun ustida ish Kopt pravoslav cherkovi bilan birgalikda olib boriladi", deb aytdi Ismoil. Misr davlat kengashida ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi hozirda hukumatda ko‘rilmoqda, so‘ngra parlamentga topshiriladi. 

Bu orada qonun loyihasi tanqidchilari kopt cherkovlari avvalgidek mahalliy ijroiya organlari tasarrufida bo‘lishi haqidagi bandni qoralashmoqda, chunki bu mahalliy ijroiya organlariga yangi cherkovlarni qurish va mavjudlarini ta'mirlashga ruxsat berishda mutlaq hokimlikni beradi. Bundan tashqari, cherkov vakillari "qonunning ba'zi moddalariga o‘zgartirishlar kiritishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini, chunki bu Misrning milliy birdamligiga rahna solishi mumkinligini" aytishmoqda. Bunga javoban bosh vazir "bo‘lg‘usi qonun bo‘yicha maslahatlashuvlar va o‘zaro hamkorlik muntazam amalga oshirilayotganini" aytgan. 

Misrning sobiq prezidenti, mamlakatda diniy toqatlik va tolerantlik siyosatini yurgazgan Husni Muborak davridayoq koptlar hukumatdan yangi cherkovlar qurish uchun ruxsat olishga ko‘p urinishgan. Parlamentga bir necha bor kiritilgan qonun loyihasi har gal to‘sib qo‘yilgan va hanuzgacha bu masala qat'iy taqiqlov masalasi bo‘lib qolmoqda. 

Huquqni himoya qilish nohukumat tashkilotlari ma'lumotlariga ko‘ra, 2011 yildan 2016 yilgacha Misrda vandallik harakatlaridan o‘nlab cherkovlar ziyon ko‘rgan, ulardan ko‘plari yoqib yuborilgan yoki qisman vayron qilingan. 2013 yilda Muhammad Mursiy hokimiyatdan ag‘darilgandan keyin qo‘poruvchilar tomonidan hujumga uchragan 78 ta cherkovdan 26 tasi mamlakat armiyasi ko‘magida qayta tiklangan. Mamlakatda diniy adovat negizidagi eng notinch joylardan biri El-Minya viloyati bo‘lib qolmoqda. Bu yerda oxirgi 5 yil ichida 77 ta to‘qnashuv qayd etilgan, ular davomida cherkovlar va diniy maktablarga hujumlar uyushtirilgan.  

Aholisi 90 mln kishidan iborat Misrda 10 foiz aholi nasroniylik diniga e'tiqod qiladi.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid