Joriy yilgi qabul jarayoni ham ikki bosqichda tashkil etilgan. Avvalo abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etadi, so‘ngra to‘plagan ballariga qarab oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.

23 iyul kuni o‘tkazilgan test sinovlari natijalari ertaga e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Shu bilan barcha abituriyentlarning test natijalari to‘liq ma’lum bo‘ladi.

Shundan keyin, taxminan 25 iyuldan 8 avgustgacha abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalari, ta’lim yo‘nalishlari va ta’lim shakllarini tanlash imkoniyati yaratiladi.

Yo‘nalish tanlash bosqichi yakunlangach, 8–17 avgust kunlari yakuniy mandatni shakllantirish ishlari amalga oshiriladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, qabul natijalari 17 avgust kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.

Mandat natijalari ma’lum bo‘lganidan so‘ng, 18–27 avgust kunlari oliy ta’lim muassasasiga talaba bo‘lish uchun tavsiya etilmagan abituriyentlar texnikumlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, 2025-2026 o‘quv yili qabul jarayonida mandat natijalari belgilangan muddatdan avval - 13 avgust kuni e’lon qilingan edi. Joriy yilda ham natijalar belgilangan sanadan ertaroq chiqarilishi ehtimoli istisno etilmayapti.

Bu yil oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni o‘tgan yilga nisbatan 54,5 ming nafarga kamayib, 677 ming 907 nafarni tashkil etdi. O‘tgan qabul mavsumida esa ushbu ko‘rsatkich 732 ming 411 nafar bo‘lgan.