2 sentabr kuni Kolumbiyada hukumatning isyonkorlar bilan imzolangan tinchlik bitimiga bag‘ishlangan referendum bo‘lib o‘tdi. Kolumbiya qonunlariga ko‘ra, saylovchilarning 13 foizi ishtirok etgan taqdirda ham ovoz berish jarayoni o‘tgan hisoblanadi. Saylov uchastkalariga ovoz berish xuquqiga ega bo‘lgan 34,8 million kishidan 13 millionga yaqini keldi. Ularning 49,77 foizi tinchlik bitimini qo‘llab-quvvatladi. Referendumda ishtirok etganlarning 50,23 foizi esa bitimga qarshi chiqdi.
Savol tug‘iladi, nima uchun Kolumbiya xalqi 2 oktabrda bo‘lib o‘tgan referendumda tinchlik bitimiga qarshi ovoz berdi. Referendumda saylovchilar “Kolumbiya Inqilobiy Qurolli Kuchlari - Xalq Armiyasi(FARC-EP) bilan imzolangan bitim shartlariga rozimisiz?”, degan savolga javob berishlari kerak edi. Yarim asrdan ko‘proq davom etgan fuqorolar urushidan charchagan kolumbiyaliklarning bu bitimni qo‘llab-quvvatlashlariga hech kim shubha qilmagan edi. Biroq referendum natijalar barchani hayron qoldirdi.
Keling, avvallambor tarixga murojaat qilaylik. Ilk bor FARC o‘zini 52 yil avval ko‘rsata boshlagan edi. O‘shanda dehqon o‘g‘li, yosh partizan va sobiq militsioner Pedro Antonio Marin kichik otryad bilan o‘rmonzorga kirib ketgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay yuz kishiga ham yetmaydigan guruh Janubiy Amerikadagi eng yirik isyonkorlar guruhiga aylandi. “Manuel Marulanda Veles” laqabi bilan mashhur bo‘lgan Pedro Antonio Marin guruhga 2008 yilga qadar rahbarlik qildi. AQSh hukumati uning boshi uchun besh million dollar mukofot puli va'da qilgan edi. Yarim asr mobaynida FARC partizanlar urushini olib borar ekan, harbiylar va politsiya xodimlari, hukumat amaldorlarini o‘ldirish bilan shug‘ullanib keldi. Shunday vaqtlar ham bo‘ldiki, ular mamlakatning yarmidan ko‘proq xududlarini o‘z nazoratiga oldi. Hatto poytaxt — Bogota shahrini qo‘lga olish bilan po‘pisa qildilar. Vaziyat shu darajaga yetdiki, armiya o‘rmondan panoh topgan va u yerdan chiqishni istamayotgan partizanlarni yo‘q qilishga qurbi yetmadi. Shu tariqa Kolumbiya davlati ichida o‘z maktabi, do‘konlari, hukumat idoralari bo‘lgan davlat paydo bo‘ldi. Davlat ichidagi davlat uchun qurol kerak edi. Buning uchun esa pul zarur. O‘z maqsadiga erishish yo‘lida FARC giyohvand moddalar noqonuniy savdosiga aralashib qoldi. 80-yillarda Kolumbiya kokain yetishtirish va sotish bo‘yicha jahonda birinchi o‘ringa chiqib oldi. Biroq FARC o‘z obro‘sini saqlab qolish maqsadida 1982 yildan boshlab narkobaronlardan uzoqlasha boshladi. Ular daromadni koku sotishdan topishni afzal ko‘rdi.
2000-yillar boshida hokimiyatga Alvaro Uribe Veles keladi. U va uning maslahatchilari partizanlarga qarshi texnika va askarlar ishtirokidagi keng qamrovli harbiy harakatlar olib borish rejalaridan voz kechadi. Buning uchun kichik maxsus guruhlardan foydalanildi. Partizanlar bazalari vertolyotlardan sepilgan kimyoviy moddalar va zarbalar orqali yo‘q qilindi. Partizanlar armiyasi XX asr so‘nggi va XXI asr boshlarida birin - ketin mag‘lubiyatga uchray boshlaydi. Shundan so‘ng isyonkorlar hukumat bilan muzokoralar o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Ko‘p yillik muzokarlardan so‘ng, Kuba rahbari Raul Kastro vositachiligida Kolumbiya yangi prezidenti Xuan Manuel Santos va isyonkorlar rahbari Timoshenko laqabli Rodrigo Londono Echeverri qo‘l siqib ko‘rishdilar. Erishilgan kelishuvga binoan FARC isyonkorlari qurollarini topshirishga qaror qildi. Ular uchun parlamentda o‘rin ajratilishi, jamiyatga moslashishlari uchun moliyaviy yordam berilishi va daxlsizlik kafolati va'da qilindi.








