11:49 / 05.10.2016
16814

O‘zbekiston yangi ish o‘rinlari yaratish uchun Jahon bankidan 100 mln dollar kredit olmoqchi

Foto: Uz24

O‘zbekiston hukumati yangi ish o‘rinlari yaratish uchun Jahon bankining 100 million dollar miqdoridagi mablag‘ini jalb etishni rejalashtirgan. Bu haqda respublika iqtisodiyot vazirligi vakiliga asoslanib, RIA Novosti xabar tarqatgan.

«Yangi ish o‘rinlari yaratish uchun Jahon banki 100 million dollar miqdoridagi zayom ajratishi 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning yangi strategiyasiga kiritilgan», — degan manba.

Iqtisodiyot vazirligi vakilining ma'lum qilishicha, joriy haftada Jan-Piter Olters rahbarligidagi bank delegatsiyasi va hukumat o‘rtasida Jahon banki mablag‘lari jalb etiladigan «Ish o‘rinlarini kengaytirish va zamonaviy iqtisodiyot bilan bog‘liq ko‘nikmalarni kuchaytirish» loyihasining konsepsiyasi muhokama etiladi. Delegatsiya bir qator vazirlik va muassasalar hamda tijorat banklari va Jahon bankining respublikadagi ijtimoiy hamkorlari bilan muzokaralar o‘tkazadi.

Jahon bankining ijrochi direktorlari kengashi iyun oyida O‘zbekiston bilan 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning yangi konsepsiyasini tasdiqlagan va respublika uchun 3 milliard dollarga yaqin miqdordagi mablag‘ni zaxira qilib qo‘ygandi.

«Yangi konsepsiyaning strategik maqsadi — O‘zbekiston hukumatini kelgusi 5 yil davomida yiliga 500 mingtagacha yangi ishlab chiqarish va muntazam ish o‘rinlarini yaratishda qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi», — deya qayd etgan vazirlik vakili.

2015 yil oxirida O‘zbekiston Senati 2016 yil uchun 993 mingta ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturini ma'qullagandi. Bu ish o‘rinlarining 148 mingtasi xorijdan, xususan Rossiya Federatsiyasidan qaytgan mehnat muhojirlari uchun mo‘ljallangan. Dasturda ko‘rsatilishicha, ishsizlik 719 ming kishi darajasida saqlab qolinadi, bu mamlakatdagi mehnatga layoqatli aholining 5 foizdan ko‘proqni tashkil etadi.

Rasmiy statistik ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholi soni 2016 yilning birinchi yarmida 0,7 foizga oshgan va 31,807 million kishiga yetgan. Ishsizlar soni 723,6 ming kishini tashkil etgan (iqtisodiy faol aholining 5,2 foizlik qismi).

Turli baholarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston chegaralaridan tashqarida mamlakatning 3-4 millionga yaqin fuqarosi (ishga layoqatli qatlamning uchdan bir qismi) mehnat qilmoqda. 

Top