O‘zbekiston | 11:10 / 08.10.2016
17772
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2018 yilga kelib 547 mln kilovatt soatdan ortiq elektr energiyasini tejash imkoni paydo bo‘ladi

Foto: Forexa.com

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan yoqilg‘i-energetika va sanoat sohasi tarmoqlarida energiya samaradorligi va tejamkorligi bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda. 

 Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi B.Niyozmatov va boshqalar mamlakatimizda energiya samaradorligi va tejamkorligi yo‘nalishida olib borilayotgan islohotlar mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish va mablag‘larni iqtisod qilish orqali istiqbolli loyihalarni bajarish imkonini berayotganligini ta'kidladi.

 Erishilayotgan bunday yutuqlarda sohaga oid qonunchilik, xususan, «Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida»gi va «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi qonunlar hamda sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 O‘zbekiston Respublikasining Birinchi  Prezidenti Islom Karimov mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasida tub tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish hisobidan sanoatni jadal rivojlantirish va yalpi ichki mahsulotda uning ulushini 2015 yildagi 33,5 foizdan 40 foizga yetkazish, energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish evaziga yalpi ichki mahsulot uchun sarflanadigan energiya hajmini taxminan 2 barobar qisqartirishga erishmog‘imiz kerakligini ta'kidlagan edi.

  Shu bois sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish yo‘nalishida «O‘zsanoatqurilishbank», «Hamkorbank» va «Asaka» banki hamkorlikda  «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi, «O‘zbekenergo», «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatlari va yana bir qator tashkilotlarda o‘ttizdan ziyod loyihani amalga oshirdi. Natijada mazkur sub'yektlarda 152,4 million kilovatt soat elektr energiyasi va 42,6 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilindi. 

 Mazkur loyihalar 2018 yilga borib, to‘liq quvvatlarda ishga tushadi. Shunda ushbu loyihalar ko‘magida 547 million kilovatt soatdan ortiq elektr energiyasi hamda 214 million kub metr tabiiy gaz tejaladi.

 Seminarda energiya resurslarini qazib olish, yoqilg‘i va elektr energiyasini hosil qilish, undan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ehtiyojlari uchun foydalanishda qo‘llaniladigan mavjud standartlar, shaharsozlik normalari hamda tegishli me'yoriy hujjatlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, energiya tejamkorligi nuqtai nazaridan ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. Energiya sarfini kamaytirish samaradorligini oshirishda huquqiy asoslarni zamon talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid