Jahon | 11:50 / 09.12.2016
5627
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyada zilzila natijasida ziyon yetgan inshootlar soni 12 mingga yaqinlashdi

7 dekabr kuni Indoneziyaning g‘arbiy Achex provinsiyasida sodir bo‘lgan 6,5 magnitudali zilzila natijasida zarar yetgan yoki vayron bo‘lgan inshootlarning umumiy soni 12 mingga yaqinlashdi. Bu haqida Indoneziyaning tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf qilish milliy boshqarmasining (BNPB) operativ markaz xodimi  Yuyun Yuxana bergan ma'lumotga asoslanib, Detik.com xabar berdi. 

"Hozirga qadar olingan xabarlarga ko‘ra, zilziladan ziyon yetgan inshootlarning umumiy soni 11 ming 730tani tashkil qilmoqda. Ulardan 2 ming 929tasi jiddiy zarar ko‘rgan (butkul vayron bo‘lganlari ham bor)", - deydi Yuyun Yuxana.

Manbaga ko‘ra, tabiiy ofat tufayli halok bo‘lgan kishilar soni 102 nafardan iborat. 136 nafar achexlik og‘ir jarohat olgan, 616 nafarida esa yengil jarohatlar qayd etilgan. 

Zilzila sodir bo‘lgan joyga yetib borgan Indoneziya prezidenti Joko Vidodoning ma'lum qilishicha, u yerda o‘tkazilgan qidiruv-qutqaruv ishlari tezkorlik va aniqlik bilan amalga oshirilgan. U tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan kishilar evakuatsiyasi 99 foizga yakunlanganligini ta'kidladi. 

BNPB'ning juma kuni ertalab yetkazgan ma'lumotlariga ko‘ra, qochqinlarning umumiy soni 11 ming 142 nafarni tashkil qilgan. Ko‘pchilik davomiy yer silkinishlari sababli o‘z uyiga qaytishdan qo‘rqib qolgan. Asosiy zilziladan keyin Indoneziya meteorologiya, iqlimshunoslik va geofizika milliy boshqarmasi 100dan ortiq yer silkinishi, jumladan 5,0  magnitudali besh aftershokni qayd etgan.

 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid