Fan-texnika | 16:13 / 29.12.2016
34340
4 daqiqa o‘qiladi

So‘rovnoma: Iste'molchilar O‘zbekistondagi internet sifatiga baho berishdi

Foto: Glowing-global.co.uk

Saytimizda “Uzonline” internet provayderining xizmat ko‘rsatish sifati haqida “Mijoz emas, “Uzonline” har doim haqmi? nomli tanqidiy maqola e'lon qilingandi. Shundan so‘ng, “O‘ztelekom” kompaniyasining javob maktubi ham o‘quvchilar e'tiboriga havola qilindi

Kun.uz sayti tahririyati o‘z maqolasining xolisligini raqamlar bilan tasdiqlash hamda mantiqiy davomi, shuningdek, O‘zbekistondagi internet sifatiga oydinlik kiritish maqsadida sayt o‘quvchilari va Telegram tarmog‘idagi obunachilari orasida “Uzonline” provayderining xizmat sifati sizni qoniqtiradimi?, degan mavzuda ijtimoiy so‘rov o‘tkazishga qaror qildi.

Quyida uning natijalarini e'lon qilamiz. Unga ko‘ra, so‘rovda 6692 kishi ishtirok etgan. Ularning  73.67 foizi “Uzonline” internet provayderi ko‘rsatayotgan xizmat sifatidan qoniqmasligini bildirgan. 13.81 foiz kishi ko‘ngli to‘qligini ta'kidlagan. Boshqa provayder xizmatidan foydalanishini va undagi xizmat sifati yaxshi ekanini 5,42 foiz odam ma'lum qilgan. So‘rovnomada ishtirok etganlarning 3,67 foizi boshqa provayderdan foydalanishi ma'lum bo‘lgan, biroq, ularda ham xizmat ko‘rsatish qoniqarli emasligi ta'kidlangan. 3.43 foizi bu borada betaraf qolgan.

Mazkur so‘rovnomadan ham ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistondagi aksariyat internet foydalanuvchilari “O‘ztelekom” AKning “Uzonline” internet provayderi xizmatidan foydalanadi.

Shu bilan birga, qayd etish o‘rinliki, “O‘ztelekom” AK tomonidan yo‘llangan javob maktubida 2016 yilda ko‘rsatilgan va amalga oshirilayotgan ishlar, rejalar xususida batafsil axborot berilgandi. Albatta, undagi raqamlardan kompaniya tomonidan O‘zbekistonda axborot va telekommunikatsiya texonologiyalarini joriy qilish, rivojlantirish, aholining internetga ulanishini ta'minlash borasida katta ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. 

Biroq, mamlakat rahbariyati tomonidan O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni jadal rivojlantirish bo‘yicha yangi talablar ilgari surilayotgani ham sir emas. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida qilgan ma'ruzasida zamon o‘zgarayotgani, odamlarning talabi ortayotganini ta'kidlab, shunga ko‘ra, rahbarlar, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, hamma o‘zgarishi kerakligini qayd etgan edi. 

Qolaversa, Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 14 dekabrdagi o‘z lavozimiga kirishish tantanali marosimida so‘zlagan ma'ruzasida, endilikda, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari va hokimliklar rahbarlarining ish samaradorligi quruq raqamlar bilan emas, balki ularning fuqarolar muammolarini qay darajada hal etayotgani bilan baholash tamoyili yo‘lga qo‘yilishini bildirgandi. 

Shunga ko‘ra, “O‘ztelekom” AK kelgusi 2017 yilda o‘z oldiga qo‘ygan reja va maqsadlarini a'lo darajada uddalashiga, mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishiga umid qilib qolamiz.

Mavzuga oid