Sport | 09:21 / 17.01.2017
12948
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Mashhur "Marakana" stadioni xarobazorga aylanmoqda

Braziliyaning eng mashhur sport inshooti - "Marakana" futbol stadioni – boshqaruv kompaniya unga qarash bo‘yicha sarf-xarajatlardan bosh tortgani tufayli qarovsiz holatga keldi. "Folya di San-Paulu" gazetasining xabar berishicha, Odebrecht ("Odebrext") qurilish konserni sudning bu firmaga Rio-de-Janeyro shahrining timsollaridan birini yaxshi holatga keltirish bo‘yicha vazifalarni bajarishga darhol qaytishi borasidagi qaroriga qarshi shikoyat arizasi bilan chiqmoqchi.

Rio-de-Janeyro shtati hukumati stadionni boshqarish bo‘yicha huquqni Odebrecht (95 foiz aksiyalar) va AEG (5 foiz aksiyalar) kompaniyalari tomonidan maxsus tashkil etilgan Maracana S. A. aksiyadorlik jamiyatiga 2013 yilda bergandi. Ushbu shartnoma muddati 30 yildan iborat. Biroq Braziliyada o‘tgan yilning yozida o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlaridan avval  "Marakana"ga qarash huquqi vaqtinchalik musobaqalar tashkiloti bilan shug‘ullangan "Rio-2016" tashkiliy qo‘mitasiga topshirilgan.

Endilikda Odebrecht sport inshootini o‘z boshqaruviga olishdan bosh tortmoqda. U "Rio-2016" ko‘zda tutilgan ishlarning bir qismi bajarilmaganini iddao qilmoqda. Rio-de-Janeyro shtati sudyasi Fernanda Luzada o‘tgan juma kuni bu asos Maracana S. A.’ni stadion bilan bog‘liq majburiyatlaridan ozod etmasligi to‘g‘risida qaror chiqardi. Biroq u yakuniy emas hamda yuqori sudlar tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Shu bilan bir qatorda, Odebrecht’ning afsonaviy sport obekti bilan bog‘liq sarf-xarajatlari hajmi 173 million real (53,4 million AQSh dollari)ni tashkil qilgan. Qurilish kompaniyasi rahbariyati shtat hukumati bilan shartnomani bekor qilib, unga "Marakana" boshqaruvini qaytarib bermoqchi ham bo‘ldi. Ammo hudud hukumati o‘ziga qo‘shimcha yuklamalarni olishdan bosh tortdi.

Mashhur stadion esa asta-sekinlik bilan qarovsiz holga kelmoqda. 10 yanvar kuni uning hududidan sport jurnalisti Mariu Filya (uning ismi rasman mashhur stadion nomida ishlatiladi) va shaharning sobiq hokimi Anjyela Mendesh di Moraysning bronza haykali o‘g‘irlab ketilgani ma'lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, sport inshootida ikki teleekran hamda o‘t o‘chirish moslamalari ichagida bo‘lgan mis detallari ham yo‘qolgan. Arenada ayni paytda futbol uchrashuvlari o‘tkazilmaydi, yoritish qurimalari ham achinarli ahvolda, ko‘plab o‘rindiqlar singan.

Ma'lumot uchun, "Marakana" futbol stadioni dunyodagi eng mashhur sport inshootlaridan biri hisoblanadi. O‘yingohda o‘tgan yilning avgust oyida 2016 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarining ochilish va yopilish marosimlari bo‘lib o‘tdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid