O‘zbekiston | 17:37 / 25.01.2017
5381
3 daqiqa o‘qiladi

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Samarqand viloyatiga oid tahliliy ma'lumotlar taqdim etildi

2017 yilning 25 yanvar kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” talablarining bajarilishida jamoat tashkilotlari rolini oshirish” mavzuida joriy yilning 19-21 yanvar kunlari Samarqand viloyatida tashkil etilgan amaliy seminar yakuni hamda bu borada kelgusida olib boriladigan ishlar to‘g‘risidagi Matbuot konferensiyasi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Anjumanda jurnalistlar e'tiboriga oilalar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish, muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish maqsadida mutasaddi tashkilotlarni jalb etgan holda chora-tadbirlar belgilash, ular ijrosi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish mexanizmlari hamda mazkur tizimni respublika miqyosida ommalashtirishga oid  tahliliy ma'lumotlar Samarqand viloyatida o‘tkazilgan uch kunlik amaliy seminar tajribasi misolida havola etildi.

Matbuot konferensiyasida ta'kidlanganidek, amaliy seminar ishida tarmoq va hududiy kasaba uyushma tashkilotlari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Faxriylarning ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamoat birlashmasi shaklidagi “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy xarakati kabi qator jamoat tashkilotlari hamda ularning hududiy bo‘linmalari rahbar va mutasaddilari ishtirok etdilar.

Mazkur jamoat tashkilotlari mutasaddilaridan iborat tarkibda tuzilgan ishchi guruhlari Samarqand shahridagi Farhod shaharchasi, shuningdek, Sartepa mavzesi, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Mo‘minxo‘ja” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 1200 ga yaqin xonadonlarda bo‘lib, ochiq va samimiy muloqotlar o‘tkazdilar. Aholi bilan muloqotlar jarayonida mazkur hududlarda bandlikni ta'minlash, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga yetarli darajada to‘lov terminallarini o‘rnatish, imtiyozli bank kreditlarini ajratish, hududni yoritish, ichimlik suvi ta'minotini va transport qatnovini yaxshilash, ichki yo‘llarni ta'mirlash, kommunal va maishiy xizmat sohalariga taalluqli kamchilik va muammolar borligi aniqlandi. O‘rganishlar yakuniga ko‘ra Kasaba uyushmalari va hamkor jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat Ishchi guruhlari ushbu muammolar to‘g‘risidagi tahliliy ma'lumotlarni hududlardagi mutasaddilar e'tiboriga havola etib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq muddatli chora-tadbirlar belgilanishi va ijroga yo‘naltirilishiga erishdilar.

Hududlarda kitob do‘konlari, savdo shoxobchalarining yetishmasligi, aholining bank tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘shimcha xizmatlardan xabarsizligi kabi muammolarga ham duch kelingani, oilalarda mavjud qator muammolar muloqotlar davomidayoq mutasaddi tashkilotlar vakillari e'tiboriga havola qilinib, ijobiy hal etilgani ta'kidlandi.

Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar mavzu bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar. 

Mavzuga oid