Jahon | 07:51 / 26.01.2017
5764
2 daqiqa o‘qiladi

MDH kuzatuvchilari Turkmaniston prezidenti saylovlarini monitoring qilishni boshlashdi

Foto: RIA

Turkmaniston taklifi bilan Ashxobodga yetib kelgan MDH kuzatuvchilari Turkmaniston prezidenti saylovlarini monitoring qilishni boshlashdi. Bu haqda Turkmaniston televideniyesi ma'lum qildi.  

Turkmaniston Markaziy saylov komissiyasi ko‘magida kuzatuvchilar Ashxobodda o‘z shtablarini ochdilar. 

Saylovlar va referendumlar o‘tkazish bo‘yicha Markaziy komissiyasidagi uchrashuvda kuzatuvchilar MSK tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar rejasi, saylov komissiyalari tarkibi, saylov hujjatlari namunalari, joylarda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdilar.

MDH kuzatuvchilari rahbari Viktor Guminskiy kuzatuvchilar missiyasi o‘z faoliyatini umumqabul qilingan xalqaro me'yorlar asosida, mustaqil ravishda, davlatning ichki ishlariga aralashmasdan amalga oshirishini ma'lum qildi. Uning aytishicha, missiyaning vazifasi Turkmanistonda erkin va demokratik saylovlarni o‘tkazishda ko‘mak berishdan iborat.  

Prezidentlik saylovlariga, shuningdek,  Yevropa davlatlari va bir qator xalqaro tashkilotlar, jumladan, MDH, ShHT va YeXHTdan kuzatuvchilar taklif qilingan. Ular saylovoldi kampaniyasi va saylovlar kuni ovoz berishning borishini kuzatish imkoniga ega bo‘ladilar.  

Turkmanistondagi prezidentlik saylovlarining borishini siyosiy partiyalar, jamoatchilik birlashmalari va prezidentlikka nomzodlardan 3223 nafar kuzatuvchi monitoring qiladi.    

Ushbu lavozimga 9 nomzod, jumladan amaldagi prezident Gurbanguli Berdimuxamedov da'vogarlik qilmoqda. 

Mavzuga oid