Meksikalik multimilliarder va dunyoning eng boy odamlaridan biri Karlos Slim 2018 yilgi Meksika prezidenti saylovlarida ishtirok etish niyatida emasligini aytdi.

"Peshonamga bitgani – tadbirkor bo‘lish", deb javob bergan Slim Mexikodagi matbuot-anjumanida saylovlarda ishtirok etish haqidagi savolga. Shu tariqa, u o‘zining "hamkasbi", milliarder va tadbirkor Donald Trampning yo‘lini qaytarmoqchi emasligini bildirib qo‘ygan. 

Shu bilan birga Slim amaldagi prezident Enrike Penya Netoni AQSh bilan keskinlashgan vaziyatda qo‘llab-quvvatlashini aytgan. "Biz Meksika prezidenti milliy manfaatlarni himoya qila olishi uchun uni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak", deb aytgan magnat. 

Slim Tramp haqida gapirarkan, uning aqli va muzokaralar olib borish o‘quviga tan berishini aytgan. Slim oxirgi marta Tramp bilan dekabrda uchrashgan edi. "Tramp "Terminator" emas, u muzokarachi", deb ta'riflagan Trampni Slim.