Iqtisodiyot | 11:20 / 01.02.2017
5635
3 daqiqa o‘qiladi

Baffet Tramp g‘alabasidan so‘ng 12 mlrd dollarlik Amerika aksiyalarini xarid qildi

AQSh prezidentligi uchun saylovlar bo‘lib o‘tgan 2016 yil 8 noyabridan 2017 yil 27 yanvarga qadar milliarder Uorren Baffetning Berkshire Hathaway investitsiya kompaniyasi 12 mlrd dollarlik aksiyalarni xarid qildi. Bu haqda tadbirkorning o‘zi Bloomberg agentligiga bergan intervyusida ma'lum qildi. 2016 yilning birinchi 9 oyida kompaniya 2,5 mlrd dollarlik qimmatli qog‘ozlarni xarid qilgan va 20 mlrdlik aksiyalarni sotgan. 2015 yilda Berkshire taxminan 10 mlrd dollarlik qog‘ozlarni xarid qilgandi. 

Baffet intervyuda uning kompaniyasi nima uchun aksiyalarni xarid qilganini izohlamagan, ammo bu asosan uning qarori bo‘lganini qayd etgan. Ta'kidlash joizki, aksiyalar bozoridagi poyga Tramp saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng boshlandi. Chunki, investorlar uning va'dalari iqtisodiy o‘sishni ta'minlaydi, deb kutayotgan edi. Biroq, bu ijobiy kayfiyat 7 musulmon mamlakat fuqarolariga kirish taqiqlangani to‘g‘risidagi farmon oshkor bo‘lgach, keskin o‘zgardi. 

Baffet AQSh iqtisodiyoti yiliga 4 foizga o‘sishi mumkinligiga ishonqiramayapti.  Donald Tramp esa, prezident sifatida shuni mo‘ljallamoqda. Baffet saylovlarda Hillari Klintonni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, keyinchalik, saylovdaa kim g‘olib chiqishidan qat'inazar AQSh iqtisodiyotining uzoq istiqboliga ishonishini aytgan edi. Baffet, shuningdek, Berkshire aviakompaniyalar aksiyalarini xarid qilganmi-yo‘qmi?, degan savolni ham javobsiz qoldirdi. 2016 yil 30 sentabr holatiga ko‘ra, kompaniya American Airlines, Delta Air Lines va United Continental Holdings aksiyalariga ega edi. 

Baffet noyabr oyida Southwest Airlines aviakompaniyasining aksiyalarini xarid qilish xususida so‘z yuritgandi. Bir necha yillar mobaynida sohani tanqid qilib kelgan Baffetning bu qarori aksar kuzatuvchilarni lol qoldirdi. 30 yanvar kuni aviakompaniyalar aksiyalari Tramp farmonidan so‘nggi xavotirlar sababli yana tushib ketdi. Berkshire investitsiya kompaniyasining dekabr oyidagi paketlariga doir ma'lumotlar fevral oyi oxirida e'lon qilinadi. 2016 yil 30 sentabrida bu raqam 102,5 mlrd dollarni tashkil etgan edi. 

Mavzuga oid