O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, fuqarolar yig‘inlarining mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqlarini ro‘yobga chiqarish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida: 

1. Quyidagilar mahalla institutini yanada takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin: 

fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, ularni joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylantirish; 

jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini shakllantirishda, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda rivojlantirishda mahallalarning ahamiyati va nufuzini yanada oshirish; 

yoshlarni ma'naviy boy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularning bandligini ta'minlash, yosh avlodni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini, keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining davlat va nodavlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlash; 

jamoat tartibi va xavfsizligini ta'minlashda, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda, fuqarolarda qonunga hurmat hissini kuchaytirishda mahallalarning bevosita ishtirokini kengaytirish; 

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning hamda ular faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish, mahalla tizimida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta'minlash. 

2. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi va fuqarolar yig‘inlarining quyidagi takliflari ma'qullansin: 

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashiga (keyingi o‘rinlarda Respublika kengashi deb ataladi) yuridik shaxs maqomini bergan holda uni fuqarolar yig‘inlarining uyushmasi shaklida tashkil etish;